
Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridan Narpay tumaniga yangi Hyundai Rotem yuqori tezlikdagi poyezdda tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Mirziyoyev poyezd orqali amalga oshirilayotgan transport loyihalari bilan tanishdi. «Jaloliddin Manguberdi» nomi bilan atalgan poyezd olib kelingan oltita Hyundai Rotem poyezdlaridan birinchisi bo‘lib, yetti vagondan iborat. Poyezd soatiga 260 km tezlikda harakatlana oladi. Oq rangli poyezd oynalari qoraytirilgan, O‘zbekiston bayrog‘ini eslatuvchi moviy, yashil va qizil chiziqlar hamda nom yozuvi bilan bezatilgan. Poyezdning uzunligi 175 metrni, sig‘imi esa VIP, biznes va ekonom toifalarida jami 390 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan.



Poyezd O‘zbekiston iqlimiga moslashtirilgan bo‘lib, chang, yuqori va past harorat, qum bo‘ronlariga chidamli tizimlar bilan jihozlangan. Yaqin orada u Toshkent – Urganch – Xiva yo‘nalishi bo‘ylab qatnay boshlaydi va qatnov vaqti 7 soatni tashkil etishi kutilmoqda. Safar davomida prezident viloyat faollari, mehnat faxriylari va ilg‘or yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi, yirik loyihalar va aholining farovonligi uchun amalga oshirilayotgan tashabbuslar yuzasidan fikr almashildi.
Narpayga yetib kelgan davlat yetakchisi hududdagi gidroponika usulida tashkil etilgan «Narpay qulupnay» issiqxonasi faoliyati bilan tanishdi. Bir gektar maydonda barpo etilgan issiqxona umumiy qiymati $650 mingni tashkil etadi va yiliga 50 tonna qulupnay yetishtirish imkonini beradi. Mahsulotlar «Narpay qulupnaylari» brendi ostida mahalliy savdo tarmoqlariga yetkazib beriladi.



Gidroponika texnologiyasi asosida qulupnay tuproqsiz, kokos qipig‘i muhitida o‘stiriladi va o‘simlik mineral moddalarni to‘g‘ridan to‘g‘ri suv orqali qabul qiladi. Bu usul an’anaviy usullarga nisbatan hosildorlikni oshiradi, suv sarfini 80 foizgacha kamaytiradi va kasallik xavfini pasaytiradi. Issiqxonada yomg‘ir suvini to‘plash tizimi, avtomatlashtirilgan gidroponika uskunalari, quyosh panellari va energiya tejamkor yoritish tizimlari o‘rnatilgan.
Loyihaning istiqbol rejalariga ko‘ra, qo‘shimcha 60 gektar maydonda yangi issiqxonalar barpo etilishi, ishlab chiqarish hajmi yiliga 300 ming tonnagacha oshishi va yangi ish o‘rinlari yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shavkat Mirziyoyev gidroponika usulidagi issiqxonalarni aholi xonadonlarida ham ommalashtirish orqali barqaror daromad manbalarini yaratish muhimligini ta’kidladi va sun’iy intellektdan samarali foydalanish zarurligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Samarqand shahriga tashrif buyurib, hududdagi infratuzilmaviy loyihalar bilan tanishgan edi.