Samarqandda 100 ta zamonaviy elektrobus foydalanishga topshirildi

Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida jamoat transporti infratuzilmasini rivojlantirish doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Samarqand shahriga birinchi bosqichda $49 mln evaziga 100 ta zamonaviy Yutong rusumli elektrobus olib kelindi. Ushbu elektrobuslar 30 o‘rinli bo‘lib, 75 nafargacha yo‘lovchini ichiga sig‘dira oladi. Yangi transport vositalari shaharning 9 ta yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanib, kuniga qariyb 70 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Elektrobuslar uchun 4 gektarga yaqin hududda zamonaviy avtosaroy barpo etildi. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 50 ta transport vositasini quvvatlantirish imkonini beruvchi stansiya faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, yopiq turargoh va mobil texnik xizmat ko‘rsatish vositalari bilan ta’minlangan infratuzilma yaratilgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida yana 150 ta elektrobus xarid qilish rejalashtirilgan bo‘lib, buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankidan $120 mln mablag‘ jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Loyiha natijasida yoqilg‘i sarfi yiliga 32 ming litrga, zararli gazlar chiqindisi esa 27 tonnaga kamayishi mumkin.

Hozirgi kunda avtosaroyda 265 nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Yangi elektrobuslar olib kelinishi bilan qo‘shimcha 500 dan ortiq ish o‘rinlari yaratiladi.
Tashrif davomida prezident yangi elektrobuslarni ko‘zdan kechirib, sohaning iqtisodiy barqarorligini ta’minlash uchun mutaxassislar tayyorlash muhimligini ta’kidladi. U Samarqand tajribasi asosida elektrobuslarga xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligini qayd etdi.

Shuningdek, davlat rahbariga shaharda jamoat transportini rivojlantirish, jumladan, avtobuslar harakatini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.
Tashrif doirasida Gagarin va Rudakiy ko‘chalari kesishmasi hududida barpo etilgan yo‘l o‘tkazgich ham ko‘zdan kechirildi. Uzunligi 600 metr bo‘lgan tunnel $12 mln mablag‘ evaziga qurilgan bo‘lib, kuniga o‘rtacha 50 mingta transport vositasini o‘tkazish imkoniyatiga ega.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijonga ham 40 ta zamonaviy elektrobus olib kelingan edi.