Yangiliklar

Samarqandning 4 ta tumanida 43 ming gektarlik jamoat yaylovlari tashkil etiladi

O‘tlatiladigan joylar kamayib ketgani sababli
Samarqandning 4 ta tumanida 43 ming gektarlik jamoat yaylovlari tashkil etiladi / Foto: Agrilifeglobe

Samarqand viloyatining 4 ta tumanidagi jami 43 ming gektarlik hududda jamoat yaylovlari tashkil etiladi va mahallalarga 30 yilga bepul ijaraga beriladi. Yaylovlarda quduq qazish, suv chiqarish, urug‘ ekish va degradatsiyani bartaraf qilish ishlari uchun 50 mlrd so‘m ajratilishi belgilangan.

Chorva naslchiligi sohasini rivojlantirish maqsadida laboratoriya uskunalari va naslli qoramol sotib olish uchun 10 yilga 12 foizli kredit beriladi. Shu bilan birga, Samarqandning parrandachilik salohiyatini oshirish maqsadida parranda genetikasi maktabi tashkil etilishi va Bulung‘ur tumanida $50 mlnlik go‘sht yo‘nalishidagi naslchilik korxonasi ishga tushiriladi. Qo‘shrabotda esa $20 mlnlik tuxum yo‘nalishidagi naslchilik korxonasining faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Samarqandlik tadbirkorlar intensiv baliq yetishtirish va hosildorlikni 4-5 baravar oshirish uchun quyosh panellarini o‘rnatish xarajatini qisman qoplash va kafolatli suv bilan ta’minlashni so‘ragan. Ushbu taklif qo‘llab-quvvatlanib, joriy yil 1-maydan boshlab quyosh panellari uchun 16 foizli kredit ajratilishi va panelni o‘z mablag‘idan o‘rnatganlarga xarajatning 25 foizi qoplab berilishi belgilandi.

Kartoshka yetishtirish sohasida ham sezilarli tashabbuslar ko‘rilmoqda. O‘tgan yili respublikada 88 ming gektar maydonga kartoshka ekish uchun 400 mlrd so‘m ajratilgan bo‘lsa, joylarda ishlarni to‘g‘ri tashkil etmaslik sababli 48 ming gektar maydon ekilmagan. Joriy yilda viloyatda 135 ming gektar, xususan, Samarqandda 22 ming gektar maydonga kartoshka ekish rejalashtirilgan va mutasaddilar har bir qarich yerga urug‘ ekilishi shartligi haqida ogohlantirilgan.

Shu maqsadda Misrdan 250 ming dona kartoshka mini tuganaklari Bulung‘ur tumanida ko‘paytirishga kiritiladi. Gollandiyadan esa 6 ming tonna urug‘lik kartoshka fermerlarga ustamasiz yetkazib beriladi. Oqdaryo tumanida 10 mln dona kartoshka mini tuganak chiqarish quvvatiga ega in-vitro laboratoriyasi ishga tushgan bo‘lib, u yerda tayyorlangan 40 ming tonna super elita urug‘i dehqonlarga bepul tarqatiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Narpay tumanida qiymati 500 million dollarlik loyihalar amalga oshirilishi haqida yozgan edik.