Yangiliklar

Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochildi

O‘zbekiston prezidenti majmuaga tashrif buyurdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

17-mart kuni prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimida ishtirok etdi. Markaz oʻzining mahobati, maydoni va qamroviga koʻra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini oʻrganish hamda targʻib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi.

Markaz Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etildi. Bino uch qavatdan iborat boʻlib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil qiladi. Majmua 1,8 gektar maydonda qad rostlagan, gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod. Bu koʻrsatkichlar uni Ginnessning rekordlar kitobiga kiritish uchun ham asos boʻlmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Bino qadimiy va milliy me’morchilik an’analari asosida qurilgan boʻlib, unga toʻrt tomondan toʻrt asosiy portal orqali kirish mumkin. Ushbu portallar va binoning tashqi ravoqlari ilm-ma’rifat, bagʻrikenglik, insoniylik va ota-onaga hurmat mazmunidagi Qur’on oyatlari hamda hadislar bilan bezatilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Quyi qavatda bolalar uchun maxsus platforma, restavratsiya hamda elektron nusxa olish laboratoriyasi, muzey eksponatlari va nodir qoʻlyozmalarni saqlash fondlari, zamonaviy kafeteriy va muzey vestibyullari joylashgan.

Birinchi qavatdan qariyb 8 ming 350 kvadrat metrlik koʻrgazma zaliga ega muzey va 550 oʻrinli anjumanlar zali oʻrin olgan. Ikkinchi qavatda esa qoʻlyozma va toshbosma manbalar, bosma va elektron adabiyotlar fondiga ega kutubxona, oʻquv zallari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va ilmiy muassasalar uchun sharoit yaratilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qur’on zaliga alohida e’tibor qaratilgan boʻlib, u yerda gumbaz ostida Toshkentning yulduzli osmoni tasvirlangan gologramma mapping yaratilgan. Zalda Qur’onning noyob qoʻlyozmalari va boshqa qadimiy manbalar saqlanadi, ularning soni 2 mingdan oshadi. Ular orasida XII – XIX asrlarga oid noyob nusxalar, Safaviylar, Saljuqiylar, Temuriylar va boshqa sulolalar qoʻlyozmalari bor.

Фото: пресс-служба президента РУз

Markaz allaqachon xalqaro eMarkaz allaqachon xalqaro e’tirofga sazovor boʻlgan. U Fransiyaning Avitsenna mukofotini qoʻlga kiritgan, Smithsonian Magazine talqiniga koʻra dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilayotgan 10 ta muzey qatoriga kiritilgan. Shuningdek, BBC Travel va Condé Nast Traveler nashrlari tomonidan ham tavsiya qilingan.

Muassasaning ochilish marosimida Alisher Usmonov ham ishtirok etdi. Shavkat Mirziyoyev ta’kidlashicha, u markaz uchun zarur mablagʻlar, gʻoyalar va noyob tarixiy eksponatlarni taqdim etgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Tashrifning navbatdagi qismida prezident markaz kutubxonasini koʻzdan kechirdi. Kutubxonaning umumiy maydoni 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotlarni qamrab olgan boʻlib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shuningdek, prezidentimiz xorijdan olib kelingan va homiylar tomonidan sovgʻa qilingan qimmatbaho buyumlar bilan tanishdi. Ular orasida qadimiy qoʻlyozmalar, kumush va oltin buyumlar, turli davrlarga oid sopol buyumlar, qurol-yarogʻ va zeb-ziynatlar bor.

Tashrif yakunida davlatimiz rahbari Islom sivilizatsiyasi markazining Faxriy mehmonlar kitobiga dastxat qoldirdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Baqtriya sivilizatsiyasiga oid noyob artefaktlar O‘zbekistonga qaytarilishi haqida xabar bergan edi.