Urush davom etsa, ochlikdan aziyat chekayotganlar soni rekord darajaga yetishi mumkin — BMT

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon oziq-ovqat dasturi global oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha keskin ogohlantirish bilan chiqdi. Tashkilotga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi mojaro yoz oylarigacha cho‘zilsa, dunyoda ochlikdan jiddiy aziyat chekayotganlar soni keskin ortadi.
Prognozlarga ko‘ra, og‘ir oziq-ovqat tanqisligiga duch kelayotganlar soni yana 45 million kishiga ko‘payib, jami 319 milliondan oshishi mumkin. Bu esa tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biriga aylanishi ehtimoli bor.
Tashkilot vakili Karl Skau ta’kidlashicha, mojaro boshlanganidan buyon logistika xarajatlari sezilarli oshgan. Dengiz orqali yuk tashish narxlari qariyb 18 foizga ko‘tarilgan, ayrim gumanitar yo‘nalishlar esa butunlay o‘zgartirilgan. Natijada eng muhtoj hududlarga yordam yetkazish qiyinlashmoqda.
Vaziyatni yanada murakkablashtirayotgan omil — moliyalashtirishning qisqarishi. Donor davlatlar resurslarni ko‘proq mudofaa xarajatlariga yo‘naltirayotgani sababli gumanitar dasturlar yetarli darajada qo‘llab-quvvatlanmayapti.
Mutaxassislar qayd etishicha, hatto mojaro boshlanishidan oldin ham global ochlik darajasi yuqori bo‘lgan. Hozirgi vaziyat esa bu muammoni yanada chuqurlashtirishi mumkin.
Ayni paytda mintaqadagi harbiy harakatlar global energiya bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, neft narxining keskin oshishiga olib kelgan. Bu esa oziq-ovqat narxlarining yanada qimmatlashish xavfini kuchaytiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron maktabiga qilingan hujum ortidan AQShda harbiy tergov boshlangani haqida yozgandi.