
Geely yangi avlod kupe-krossoveri — Geely Boyue REV modelini rasman e’lon qildi. Xitoyda ushbu model 22-martdan oldindan buyurtmaga qo‘yiladi. Ayrim bozorlarda u Geely Atlas nomi bilan tanilgan. Bu haqda Autohome nashri xabar berdi.
Yangi avtomobil to‘liq yangilangan platformada yaratilgan bo‘lib, o‘lchamlari ham sezilarli: uzunligi 4680 mm, g‘ildirak bazasi esa 2778 mm. Shu jihatdan u ilgari mashhur bo‘lgan Geely Tugelladan biroz kattaroq.

Salon dizayni zamonaviy krossoverlarga xos bo‘lib, u Geely EX5 interyeriga yaqin. Ichkarida katta ekranli multimedia tizimi, simsiz quvvatlash paneli va Flyme Sound audio tizimi o‘rnatilgan. O‘rindiqlar dekorativ tikuvlar bilan bezatilgan.

Modelning asosiy jihati — uning gibrid tizimi. U 1,5 litrli benzin dvigateli asosida ishlaydi va elektromotor bilan birga harakatlanadi. To‘liq yurish zaxirasi 1525 kmni tashkil etadi, shundan 375 kmni faqat elektr energiyasida bosib o‘tish mumkin.

Avtomobil tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi: batareya zaryadi 30 foizdan 80 foizgacha atigi 15 daqiqada to‘ldiriladi. Batareya bo‘sh holatda yoqilg‘i sarfi WLTC sikli bo‘yicha 4,95 l/100 kmni tashkil etadi.
Shuningdek, avtomobil tashqi qurilmalarni quvvatlantirish imkoniyatiga ega bo‘lib, maksimal chiqish quvvati 6 kVtga yetadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Geely yangi Galaxy Starshine 7 modelini qariyb Cobalt narxida chiqargani haqida yozgandi.