
23-martdan boshlab Toshkent — Chorbog‘ yo‘nalishida avtobus qatnovi yana ishga tushiriladi. Bu haqda «Toshshahartransxizmat» AJ xabar berdi.
Unga ko‘ra, avtobus «Mashinasozlar» metrosidan Humson qo‘rg‘onigacha harakatlanadi.
Yo‘nalishga zamonaviy MAN RR3 rusumli turistik avtobuslar biriktiriladi. Ular 47 o‘rinli bo‘lib, konditsioner va qulay o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Yo‘l haqi 25 ming so‘m etib belgilangan.
Avtobuslar har kuni soat 06:00 dan qatnay boshlaydi va 1,5 soat oralig‘ida harakatlanadi. Safar davomiyligi taxminan 1 soat 30 daqiqani tashkil etadi. Oxirgi qatnov Chorbog‘dan 20:30 da yo‘lga chiqib, 22:00 da Toshkentga yetib keladi.
Marshrut Mashinasozlar metrosi — Maxtumquli ko‘chasi — Yangi O‘zbekiston bog‘i — Xojikent — Chinorkent orqali Humson qo‘rg‘onigacha davom etadi.
Yo‘lovchilar uchun to‘lovni naqd pul yoki bank kartalari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2025-yil 29-sentabrda Toshkentdan Chorvoqqa qatnovchi avtobus faoliyati to‘xtatilgani haqida yozgandi.
Ma’lumot uchun ushbu avtobus qatnovi ilk bor o‘tgan yilning 1-iyulida yo‘lga qo‘yilgandi.