
Donald Tramp ma’muriyati AQShga kirish uchun jami 50 davlat, jumladan, ro‘yxatga yangi qo‘shilgan 12 mamlakat fuqarolaridan $15 ming miqdorida garov puli talab qiladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.
Yangi qoida asosan 38 davlat qatoriga yana 12 mamlakatni qo‘shadi. Ularning qatoriga Kambodja, Efiopiya, Gruziya, Grenada, Lesoto, Mavrikiy, Mongoliya, Mozambik, Nikaragua, Papua-Yangi Gvineya, Seyshel orollari va Tunis kiritilgan. Agar viza egalari qoidalarga rioya qilib o‘z vataniga qaytsa yoki umuman sayohat qilmasa, to‘langan garov puli qaytarib beriladi.
Inson huquqlari tashkilotlari Trampning immigratsiya siyosatini, jumladan, agressiv deportatsiya hamda vizalarni bekor qilish harakatlarini keskin qoralab kelmoqda. Ular bu tartiblar inson huquqlari va erkinliklarini cheklashini ta’kidlamoqda. Biroq hukumat va uning tarafdorlari mazkur choralar ichki xavfsizlikni yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotganini bildirgan.
O‘tgan yilning iyun oyida 19 davlat fuqarolari uchun milliy xavfsizlik nuqtayi nazaridan AQShga kirishga to‘liq yoki qisman taqiq joriy qilingan edi. Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, viza garovi dasturi AQShda ruxsat etilgan muddatdan ortiq qolib ketuvchilar sonini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQSh Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari uchun viza garov puli talabini joriy qilgani haqida xabar bergan edi.