Yangiliklar

Bangkokdagi YTH oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Avtobus ishtirokidagi halokatda yana uch o‘zbekistonlik jarohat oldi
Foto: Dunyo AA

18-mart kuni Tailandning Bangkok shahrida avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida vafot etdi. Bu haqda Dunyo AA xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, yana uch nafar hamyurtimiz turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Ularga fuqarolarga tezkor tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonadan javob berilgan. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Konsullik-huquqiy departamenti ma’lumotiga ko‘ra, vaziyat nazoratga olingan hamda marhumning yaqinlari bilan aloqa o‘rnatilib, jasadni O‘zbekistonga olib kelish choralari ko‘rilmoqda.

Avvalroq AQShning Nyu-York shahrida ham shunga o‘xshash fojia yuz bergan edi. Yo‘l-transport hodisasi oqibatida 31 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nilufar Komilova halok bo‘lgan. Avariya Nyu-York shahar transport departamentiga tegishli yuk mashinasi ishtirokida sodir bo‘lgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Doha aeroportida qolib ketgan 50 ga yaqin o‘zbekistonliklarga yordam ko‘rsatilgani haqida xabar bergan edi.