
Ramazon hayiti va Navro‘z umumxalq bayramlari arafasida aholining transportga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida qo‘shimcha poyezd qatnovlari yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Xususan, 19–25-mart kunlari davomida yo‘lovchilar oqimining oshishi inobatga olinib, jami 25 mingta qo‘shimcha yo‘lovchi o‘rni yaratiladi. Shu kunlarda yuqori tezlikdagi «Afrosiyob» poyezdlari uchun ham qo‘shimcha reyslar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 19–21-mart kunlari Toshkent — Samarqand — Toshkent yo‘nalishida 6 ta qo‘shimcha reys amalga oshiriladi. Shuningdek, 19, 20, 21, 22, 23 va 25-mart kunlari Toshkent — Buxoro — Toshkent yo‘nalishida ham qo‘shimcha qatnovlar yo‘lga qo‘yiladi.
| Yo‘nalish | Qo‘shimcha reyslar | Qo‘shimcha vagonlar | Qatnov kunlari |
|---|---|---|---|
| Toshkent – Samarqand – Toshkent | 6 reys | – | 19–21 mart kunlari |
| Toshkent – Buxoro – Toshkent | Qo‘shimcha qatnovlar | 4 vagon (Sharq yo‘nalishi) | 19, 20, 21, 22, 23, 25-mart |
| Toshkent – Xiva – Toshkent | – | 4 vagon | 19–25 mart kunlari |
| Toshkent – Shovot – Toshkent | – | 4 vagon | 19–25 mart kunlari |
| Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent | – | 4 vagon | 19–25 mart kunlari |
| Toshkent – Termiz – Toshkent | – | 4 vagon | 19–25 mart kunlari |
Bundan tashqari, 19–25-mart kunlari qator yo‘lovchi poyezdlariga qo‘shimcha vagonlar ulanishi ko‘zda tutilgan. Xususan, Toshkent – Xiva – Toshkent, Toshkent – Shovot – Toshkent, Toshkent – Qo‘ng‘irot – Toshkent, Toshkent – Termiz – Toshkent hamda Toshkent – Buxoro – Toshkent (Sharq) yo‘nalishlarida har bir poyezd tarkibiga 4 tadan qo‘shimcha vagon ulanadi. Ushbu qo‘shimcha vagonlar orqali jami 21,5 ming nafar yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.
Yo‘lovchilar chiptalarni «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning rasmiy veb-sayti, mobil ilovasi yoki temir yo‘l kassalari orqali xarid qilishlari mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bayram kunlari Toshkent metrosi bir soat oldin ish boshlashi haqida yozgan edik.