Avto

Chery yangi Exeed EX7 uchun oldindan buyurtmalarni ochdi

Rasmiy savdolar aprel o‘rtalarida boshlanadi
Chery yangi Exeed EX7 uchun oldindan buyurtmalarni boshladi
Foto: Y-Auto

Chery kompaniyasi yangi Exeed EX7 modeli uchun oldindan buyurtmalarni ochdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, avtomobilni bron qilish uchun $145 to‘lanadi va bu summa keyin $435 chegirma sifatida hisoblanadi. Xitoyda rasmiy savdolar aprel o‘rtalarida boshlanadi.

Yangi model ikki xil versiyada taqdim etiladi. Birinchisi gibrid, ya’ni benzin dvigatelli va elektr tizimiga ega. Unda 1,5T dvigatel va taxminan 40 kVt/soat batareya bo‘ladi. Bu versiya faqat elektrda 182 – 203 km yuradi. To‘liq elektr versiyada esa ikkita motor bor va 97,6 kVt/soat batareya bilan 682 – 726 km masofa bosib o‘tadi.

Foto: Y-Auto

EX7 modeli yangi avlod aviatsiya darajasidagi elektron-mexanik tormoz tizimi bilan jihozlanadi. Kompaniya, shuningdek, hozircha suyuq tipdagi Rhino batareyasidan foydalanadi. Kelajakda esa yanada kuchli qattiq holatdagi batareyalar qo‘llaniladi.

Avtomobil dizayni zamonaviy va minimalistik. Uzunligi 4988 mm, g‘ildirak bazasi 3000 mm. Ichki qismida 30 dyuymli katta ekran, raqamli panel, charm o‘rindiqlar va panoramali tom mavjud.

Foto: Y-Auto

EX7 xalqaro bozor uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u Yevropa, Yaqin Sharq va Janubiy Amerikada sotiladigan Exlantix ET modeliga asoslangan. Narxlar hali e’lon qilinmagan, ammo model premium elektromobillar segmentida raqobatlashishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Chery Fulwin A9 sedani qachon sotuvga chiqishi haqida ma’lumot berilgandi. Autohome yozishicha, model 2026-yilning ikkinchi choragida bozorga chiqishi kutilmoqda.