Avto

Chevrolet Tracker saloni yangilanadi — nimalar ma’lum

Interyer ergonomikasini yaxshilash rejalashtirilmoqda
Chevrolet Tracker
Foto: Kursiv Uzbekistan / Samijon Juraqulov

General Motors o‘zining eng arzon krossoverlari Chevrolet Trailblazer va Tracker modellari uchun yangilanishlar tayyorlamoqda. Bu haqda GMAuthority nashri xabar berdi.

Manbalarga ko‘ra, asosiy o‘zgarishlar avtomobillarning salon qismiga qaratiladi. Xususan, interyer ergonomikasini yaxshilash rejalashtirilmoqda, ammo aniq tafsilotlar hozircha oshkor qilinmagan.

Hozirgi modellarda ayrim kamchiliklar ham mavjud. Masalan, Tracker modelida eshikdagi qo‘l qo‘yiladigan joy juda qattiq ekani tanqid qilingan va bu hatto hazil tariqasida maxsus «himoya yupqa kurtka» g‘oyasiga sabab bo‘lgan.

Foto: GM Authority

Trailblazer va Tracker Chevrolet’ning eng ommabop va kirish darajasidagi krossoverlari hisoblanadi. Ular Honda HR-V, Hyundai Kona, Mazda CX-30 va Subaru Crosstrek kabi raqobatchilar bilan bir segmentda bellashadi. Shu sabab, salon sifati va texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Trailblazer modeli 2021-yilda yangi avlod sifatida taqdim etilgan bo‘lib, u endilikda ramkali SUV emas, balki subkompakt krossover sifatida ishlab chiqarilmoqda. U 1,2 litrli va 1,3 litrli turbo dvigatellar bilan taklif qilinadi.

Tracker esa 2024-yilda to‘liq yangilanib, kattaroq o‘lcham va zamonaviy dizaynga ega bo‘ldi. U faqat old g‘ildirakdan tortish tizimi va 1,2 litrli turbo dvigatel bilan taqdim etiladi.

Har ikki model Janubiy Koreyada ishlab chiqariladi va yaqin kelajakda yangilangan interyer bilan taqdim qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2026-yilgi Chevrolet Onix haqida yangi tafsilotlar e’lon qilingani haqida yozgandi.