
Ramazon hayiti – bu oilaviy va do‘stona bayram, unda dasturxon bezash va mehmonlarga taom tayyorlash muhim ahamiyatga ega. Bayram dasturxoni nafaqat ko‘zni quvontirishi, balki taomlarning mazali, to‘yimli va sog‘lom bo‘lishini ham talab qiladi.
Kursiv Uzbekistan ushbu maqolada Ramazon hayiti dasturxoni uchun eng kerakli taomlarni, ularning tayyorlash bosqichlarini, masalliqlari va taxminiy xarajatlarini batafsil taqdim qiladi.
Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olishingiz mumkin:
- Qozonda pishirilgan qiyma-kabob
- Qovurilgan chuchvara
- Shirinliklar: qush tili
- Chak-chak
- Salatlar: «Mujskoy kapriz»
- «Violetta» salati
- Non mahsulotlari: Go‘shtli non
- Bo‘g‘irsoq
Asosiy taomlar
Qozonda pishirilgan qiyma-kabob (Lo‘li-kabob)

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) | Izoh |
|---|---|---|---|
| Mol go‘shti qiyma | 500 g | 55 ming so‘m | 1 kg – 110 ming so‘m |
| Oq non | 2 bo‘lak | 6 ming so‘m | 1 bo‘lak – 3 ming so‘m |
| Tuxum | 1 ta | 1,5 ming so‘m | 10 dona – 15 ming so‘m |
| Piyoz | 200 g | 1,5 ming so‘m | 1 kg – 5 ming so‘m |
| Sarimsoqpiyoz | 4 tish | Ming so‘m | 100 g – 3 ming so‘m, taxminan 4 tish |
| Kartoshka | 600 g | 3 ming so‘m | 1 kg – 5 ming so‘m |
| O‘simlik yog‘i | 100 ml | 25 ming so‘m/litr | 1 litr – 25 ming so‘m |
| Suv | 100 ml | 0 | |
| Tuz, murch, zira, kashnich | Ta’bga ko‘ra |
Ushbu narxlarlar Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan 17-mart holatiga ko‘ra, Yangi Qo‘yliq dehqon bozori — «Food city» savdo majmuasi hamda «Eski juva» — «Chorsu» dehqon bozori ulgurji narxlari asosida hisoblandi.
Jami summa 91,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Non bo‘laklarini suvga botirib 5 daqiqa yumshatib oling.
- Qiyma, piyoz, sarimsoqpiyoz va tuxumni birlashtiring, tuz va ziravorlarni qo‘shing.
- Yumshagan nonni aralashmaga soling va yaxshilab aralashtiring.
- 50–60 grammli bo‘laklar qilib kabob shaklida tayyorlab, muzlatgichga 15–20 daqiqa qo‘ying.
- Qozonda yog‘ni qizdirib, kaboblarni qizartiring.
- Shu yog‘da kartoshkani bo‘laklarga bo‘lib qovuring, tuz va zira sepib aralashtiring.
- Kartoshkani qozonda qoldirib, ustiga kaboblarni joylashtiring, 100 ml suv qo‘shib, o‘rtacha olovda 30 daqiqa pishiring.
Qovurilgan chuchvara

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Un | 400 g | 5 ming so‘m |
| Iliq suv | 170 ml | |
| Tuxum | 1 ta | 1,5 ming so‘m |
| Tuz (xamir uchun) | 1 choy qoshiq | |
| O‘simlik yog‘i | 2 osh qoshiq | 25 ming so‘m |
| Mol go‘shti qiyma | 400 g | 45 ming so‘m |
| Piyoz | 2 ta | 2 ming so‘m |
| Tuz, qora murch, zira | Ta’bga ko‘ra | |
| O‘simlik yog‘i (qovurish) | Kerakli miqdor |
Jami summa 78,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Xamir tayyorlab, 30 daqiqa tindiring.
- Qiyma va piyozni aralashtirib, tuz, murch va zira qo‘shing.
- Xamirni yoyib, bo‘laklarga kesing va har bir bo‘lakka qiymani soling.
- Patnisga terib, qizigan o‘simlik yog‘ida qovuring.
- Tayyor chuchvaralarni issiq holda dasturxonga torting.
Shirinliklar: qush tili

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Tuxum | 1 ta | 1,5 ming so‘m |
| Vanil shakari | 1 choy qoshiq | 2 ming so‘m |
| Tuz | 1 chimdim | |
| Iliq suv | 50 ml | |
| Eritilgan sariyog‘ | 20 g | 15 ming so‘m |
| Un | 150 g | 5 ming so‘m |
| Shakar (qiyom uchun) | 100 g | 10 ming so‘m |
| Suv (qiyom uchun) | 50 ml | |
| Limon sharbati | 1 choy qoshiq | 12 ming so‘m |
| Asal | 1 osh qoshiq | 27 ming so‘m |
| O‘simlik yog‘i | Qovurish uchun |
Jami summa 72,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Idishda tuxumni venchik yordamida yaxshilab aralashtiramiz.
- Aralashtirib turgan holda vanil shakari, tuz, iliq suv va eritilgan sariyog‘ni qo‘shamiz.
- Un qo‘shib yumshoq xamir qoramiz. Ustini yopishqoq plyonka bilan o‘rab, 40 daqiqa tindiramiz.
- Qiyom tayyorlaymiz: idishga suv va shakar solib, olovga qo‘yamiz. Qaynab chiqqanidan so‘ng o‘rtacha olovda 10 daqiqa qaynatamiz.
- So‘ng limon sharbati va asal solib, aralashtirib turgan holda 10 daqiqa qaynatamiz va olovdan olamiz.
- Xamirni taxminan 100 gramm keladigan 10 ta bo‘lakka bo‘lamiz.
- Har bir bo‘lakni 22×14 sm to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida, 0,3 sm qalinlikda yoyamiz.
- Qalinligi 0,5 sm keladigan tasmalarga kesib, videoda ko‘rsatilganidek tugamiz.
- Qozonni olovga qo‘yib yog‘ quyamiz.
- Hosil bo‘lgan qush tillarini qizigan yog‘ga solib, ikki taraflama 5 – 7 daqiqa tilla rang bo‘lgunicha qovurib olamiz.
- Qovurilgan qush tillarini qiyomga botirib olib, chiroyli likopchaga solamiz va dasturxonga tortamiz.
Chak-chak

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Un | 250 g | 5 ming so‘m |
| Tuxum | 3 ta | 4,5 ming so‘m |
| Tuz | 1 chimdim | |
| Iste’mol sodasi | 0,5 choy qoshiq | |
| Dumba yog‘i yoki charvi | 80 g | 15 ming so‘m |
| Margarin | 50 g | 7 ming so‘m |
| O‘simlik yog‘i | 1 litr | 25 ming so‘m |
| Shakar | 200 g | 15 ming so‘m |
| Suv | 120 ml | |
| Asal | 150 g | 27 ming so‘m |
| Limon sharbati | 0,5 choy qoshiq | 12 ming so‘m |
Jami summa 110,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Tuxumlarni idishga chaqib, mikser bilan 5 daqiqa ko‘pirtiramiz. Tuz va sodani qo‘shib yana aralashtiramiz.
- Un solib, o‘rtacha qattiqlikdagi xamir qoramiz.
- Xamirni yopib, 30 daqiqa tindiramiz.
- Xamirni 2 mm qalinlikda yoyamiz.
- Eritilgan yog‘ va margarinni aralashtirib, xamirning yarmiga surtamiz va buklaymiz.
- Xamirni 3 sm lentalarga, so‘ng 1,5 sm bo‘laklarga kesamiz.
- Qozonda yog‘ni qizdirib, xamir bo‘laklarini qovuramiz.
- Qovurish jarayonida aralashtirib turamiz — shakli chiroyli bo‘ladi.
- Qiyom tayyorlaymiz: shakar va suvni 30 daqiqa past olovda qaynatamiz.
- Qiyom biroz quyuqlashgach asal va limon sharbatini qo‘shib aralashtiramiz.
- Qaynashi bilan olovdan olib, chak-chak ustidan quyamiz.
- Yaxshilab aralashtirib, likopchaga chiroyli qilib joylaymiz.
Salatlar: «Mujskoy kapriz» (Erkak xohishi)

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Dudlangan kurka go‘shti | 100 g | 12 ming so‘m |
| Dudlangan kolbasa | 100 g | 10 ming so‘m |
| Qazi | 100 g | 25 ming so‘m |
| Qattiq pishloq | 100 g | 10 ming so‘m |
| Mayonez | 200 g | 8 ming so‘m |
| Tuz, murch | Ta’bga ko‘ra |
Jami summa 55 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Barcha masalliqlarni 3 – 5 mm qalinlikda somoncha shaklida to‘g‘rab oling.
- Hammasini bitta idishga soling.
- Mayonez qo‘shib yaxshilab aralashtiring.
- Tayyor salatni darhol dasturxonga torting yoki sovutgichda qisqa muddat saqlang.
«Violetta» salati

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Qaynatilgan qizil lavlagi | 500 g | 5 ming so‘m |
| Qattiq pishloq | 200 g | 20 ming so‘m |
| Marinadlangan bodring | 250 g | 7 ming so‘m |
| Konservalangan yashil no‘xat | 200 g | 6 ming so‘m |
| Mayonez | 60 g | 3 ming so‘m |
| Sarimsoqpiyoz | 1 tish | |
| Tuz | 1 choy qoshiq | |
| Qora murch | 1 chimdim | |
| Shivit | yarim bog‘ | 1,5 ming so‘m |
Jami summa 42,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Qaynatilgan qizil lavlagini tozalab, o‘rtacha kubiklarga to‘g‘rang.
- Pishloq va marinadlangan bodringni kubik shaklida to‘g‘rang.
- Idishda bodring, qizil lavlagi, pishloq va yashil no‘xatni birlashtiring.
- Mayonez, tuz, qora murch va maydalangan sarimsoqpiyoz qo‘shib aralashtiring.
- Salatni sovutgichga 30 daqiqaga qo‘ying.
- Tayyor salatni likopchaga solib, shivit bilan bezab dasturxonga torting.
Non mahsulotlari: Go‘shtli non

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Un | 450 g | 6 ming so‘m |
| Sut | 200 ml | 10 ming so‘m |
| Tuz | 1 choy qoshiq | |
| Shakar | 1 osh qoshiq | 10 ming so‘m |
| Quruq xamirturush | 10 g | 2 ming so‘m |
| Margarin | 180 g | 6 ming so‘m |
| Mol go‘shti | 300 g | 35 ming so‘m |
| Piyoz | 250 g | 2 ming so‘m |
| Tuz va murch | Ta’bga ko‘ra | |
| Zira | 0,5 choy qoshiq | |
| Tuxum | 1 ta | 1,5 ming so‘m |
| Kunjut | 20 g | Ming so‘m |
Jami summa 72,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Un ichiga shakar, tuz va xamirturush solib aralashtiring.
- Eritilgan margarin va iliq sut qo‘shib, yumshoq xamir qorib oling.
- Xamir ustini yopib, issiq joyda 40 – 60 daqiqa oshiring.
- Go‘shtni mayda to‘g‘rab, piyoz bilan aralashtiring, tuz, murch va zira qo‘shib, 10 daqiqa tindiring.
- Xamirni ikki bo‘lakka bo‘lib, dumaloq shakl bering.
- Har birini yoyib, o‘rtasini kesib teshik hosil qiling.
- Chetlariga go‘shtli asosni joylashtirib, kulcha shaklida yopib chiqing.
- Patnisga qo‘yib, ustiga tuxum surtib, kunjut seping.
- 180 – 190°C da qizdirilgan pechda 30 daqiqa pishiring.
Bo‘g‘irsoq

| Masalliq | Miqdor | Narx (so‘m) |
|---|---|---|
| Un | 400 g | 5 ming so‘m |
| Sariyog‘ | 50 g | 4 ming so‘m |
| Suv | 250 ml | |
| Achitqi | 1 choy qoshiq | Ming so‘m |
| Shakar | 1 choy qoshiq | 5 ming so‘m |
| Tuz | 0,5 choy qoshiq | |
| O‘simlik yog‘i | Qovurish uchun | 25 ming so‘m |
Jami summa 39 ming so‘mni tashkil etadi.
Tayyorlash bosqichlari
- Avval opara tayyorlang: 150 ml iliq suvga achitqi va shakar solib aralashtiring. 5–7 daqiqa ko‘pik hosil bo‘lguncha qoldiring.
- Sariyog‘ni eritib oling. Un, tuz va oparani eritilgan sariyog‘ bilan aralashtirib, yumshoq xamir qorib oling.
- Xamirni iliq joyda 1 soat davomida ko‘tarilishi uchun qoldiring.
- Xamirni 0,5 sm qalinlikda yoying.
- Xamirni romb yoki xohishga ko‘ra doira/to‘rtburchak shaklida kesing.
- Qozonda o‘simlik yog‘ini yaxshilab qizdiring.
- Bo‘g‘irsoqlarni ikki tomoni tillarang bo‘lguncha qovuring.
- Ortiqcha yog‘ini olish uchun qog‘oz salfetkaga oling.
- Ta’bga ko‘ra bezatib, dasturxonga torting.
Jami xarajatlar
| Bo‘lim | Mahsulot nomi | Narxi (ming so‘m) |
|---|---|---|
| Asosiy taomlar | Qozonda pishirilgan qiyma-kabob (Lo‘li-kabob) | 91,5 ming so‘m |
| Qovurilgan chuchvara | 78,5 ming so‘m | |
| Shirinliklar | Qush tili | 72,5 ming so‘m |
| Chak-chak | 110,5 ming so‘m | |
| Salatlar | «Mujskoy kapriz» (Erkak xohishi) | 55 ming so‘m |
| «Violetta» salati | 42,5 ming so‘m | |
| Non mahsulotlari | Go‘shtli non | 72,5 ming so‘m |
| Bo‘g‘irsoq | 39 ming so‘m |
Jami summa: 562,5 ming so‘m
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Hayit bayramiga yaqinlarga nima sovg‘a qilish mumkin va u qancha turishi haqida yozgandi.