Investitsiyalar

Insayderlar jazolanadi: ILMA «O‘zbektelekom» aksiyalari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan izoh berdi

Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilishi topshirilgan
Foto: Kursiv Uzbekistan

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA)da «O‘zbektelekom» aksiyalari bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan, savdolar to‘xtatilishidan oldin kotirovkalar sezilarli darajada oshganiga qaramay, aksiyadorlardan hech qanday shikoyatlar kelib tushmagan. Shu bilan birga, agentlik ma’lum qilishicha, hatto insayder savdosi holatlari mavjud bo‘lgan taqdirda ham, hozircha O‘zbekistonda bunday qoidabuzarlik uchun jazo chorasi mavjud emas.

18-mart kuni ILMA tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Kursiv Uzbekistan 25-fevral kuni «Toshkent» Respublika fond birjasida «O‘zbektelekom» aksiyalari bilan bog‘liq savdolar to‘xtatilgani masalasini ko‘tardi. Savdolarni to‘xtatishga kapitalizatsiya asos qilib olingan, biroq ushbu qaror haqidagi muhim ma’lumot Yagona korporativ axborot portalida faqat 26-fevral kuni, ya’ni savdolar to‘xtatilganidan keyin e’lon qilingan.

Muhim jihati shuki, aksiyadorlik jamiyati Kuzatuv kengashining kapitalizatsiya bo‘yicha qarori 2026-yil 28-yanvar kuni (oshkor etilish va savdolar to‘xtatilishidan deyarli bir oy oldin) qabul qilingan.

Ushbu muhim ma’lumotning kech e’lon qilinishi bozorga ta’sir ko‘rsatgan va ayrim investorlar uchun ustunlik yaratgan bo‘lishi mumkin. Chunki ular bu qaror haqida muhim fakt e’lon qilinishidan va savdolar to‘xtatilishidan oldin xabardor bo‘lgan.

ILMAning Kapital bozorini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i Saibjan Xudayberdiyev ushbu masala bo‘yicha agentlikka hech qanday shikoyatlar kelib tushmaganini ma’lum qildi:

«Agentlikka hech qanday shikoyatlar kelib tushmadi. Albatta, biz barcha xabarlarni kuzatib, monitoring qilib boramiz. Hozircha bunday signal yoki murojaatlar bo‘lmadi», – dedi u.

Qayd etish joizki, kompaniya aksiyalari 2026-yil boshidan 24-fevralgacha 5899 so‘mdan 7200 so‘mgacha (+22%) oshgan.

ILMA direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak insayder savdosi masalasidagi tartibga solish tizimida muammolar mavjudligini ta’kidladi:

«Agar bu yerda haqiqatan ham insayder savdosi bo‘lgan bo‘lsa ham, nima qilibdi? Afsuski, bugungi kunda vaziyat shunday: bizda «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi qonunda manipulyatsiya qilish va insayder axborotdan foydalanish taqiqlangan. Ammo na Jinoyat kodeksida, na Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda buning uchun jazo chorasi belgilanmagan».

Insayder savdosi uchun javobgarlikning yo‘qligi nafaqat xususiy investorlarni himoya qilish muammosi, balki FATF (Pul yuvishga qarshi moliyaviy choralar ishlab chiqish guruhi) tomonidan O‘zbekistonga qo‘yilgan talab ham hisoblanadi.

Pak so‘zlariga ko‘ra, barcha zarur o‘zgartirishlar allaqachon yangi «Kapital bozori to‘g‘risida»gi kompleks qonun loyihasiga kiritilgan.

Hozirda loyiha Oliy Majlisga kiritilishidan oldin Prezident administratsiyasida kelishuv bosqichida turibdi. ILMAda esa qonun joriy yil oxirigacha qabul qilinishiga umid qilinmoqda va 2027-yildan boshlab bozor yangi tartibda ishlay boshlashi kutilmoqda.

«Biz normativ-huquqiy bazani takomillashtirmoqdamiz, chunki investorlarni himoya qilish uchun haqiqiy mexanizmlar zarur. Axborotni oshkor qilmaslik uchun jarimalarni oshirish, shuningdek, jahon amaliyotiga muvofiq ravishda insayder ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish va qimmatli qog‘ozlar bozorida manipulyatsiya qilish uchun javobgarlik joriy etish kerak. Hozirda bu borada ishlar faol olib borilmoqda», – dedi spiker.

Qayd etilishicha, prezident farmoniga ko‘ra 2026-yil iyuliga qadar insayder ma’lumotlardan foydalanish va bozorni manipulyatsiya qilish uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni Jinoyat kodeksiga kiritish topshirilgan.

Vyacheslav Pakning ta’kidlashicha, hozirda axborotni oshkor qilmaslik uchun jarimalar juda kichik (3 mln so‘mgacha, sud esa bundan ham kam miqdorni belgilashi mumkin). Shu sababli kompaniya rahbarlari ma’lumotlarni ochiqlashga unchalik qiziqmasligi mumkin. Vaziyat normativ hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritilishi va yangi qonun qabul qilinishi bilan o‘zgaradi.

Agentlik, shuningdek, kapital bozori bo‘yicha kelib tushgan shikoyatlar sonini ham ochiqladi: 2025-yilda ularning soni 703 tadan 600 tagacha kamaygan. Biroq sud ishlari soni aksincha oshib, 29 tadan 111 taga yetgan. Bundan tashqari, agentlik aksiyadorlik jamiyatlaridan dividendlar olishda ham ko‘maklashgan – jami 13,5 mlrd so‘m (2024-yilda — 5,65 mlrd so‘m).

Foto: ILMA

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qimmatli qog‘ozlar chiqarish hajmi 24,2 foizga oshgani haqida yozgandi.