Sport

Lionel Messi faoliyatidagi 900-golini kiritdi

Argentinalik hujumchi «Inter Mayami» safida ushbu tarixiy natijani qayd etdi
Foto: beIN SPORTS

Lionel Messi Tennessi shtatida o‘tgan Concacaf Chempionlar kubogi doirasidagi o‘yinda faoliyatidagi 900-golini kiritdi. U futbol tarixida ushbu marraga yetgan ikkinchi o‘yinchiga aylandi.

Hujumchi o‘z gollarining aksariyatini «Barselona» safida kiritgan bo‘lib, ushbu klub safida 672 marta raqiblar darvozasini ishg‘ol qilgan. Shuningdek, Messi Argentina terma jamoasida 115 ta, PSJ’da 32 ta va 2023-yil iyunidan beri to‘p surayotgan «Inter Mayami» klubida 81 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: ESPN

Opta ma’lumotlariga ko‘ra, Messi 755 ta golni chap oyog‘ida, 111 tasini o‘ng oyog‘ida va 30 tasini bosh bilan kiritgan. Uning gollaridan 724 tasi jarima maydonchasi ichidan urilgan bo‘lsa, 112 tasi penalti va 70 tasi jarima zarbalari orqali amalga oshirilgan. Eng ko‘p gol o‘tkazib yuborgan jamoalar qatoriga «Sevilya» (25) va «Atletik» (24) klublari kiradi.

Futbol tarixida 900 gollik marrani bungacha faqatgina Krishtianu Ronaldu bosib o‘tgan bo‘lib, hozirda uning hisobida 959 ta gol mavjud.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Messining «Inter Mayami»dagi yillik maoshi ochiqlangani haqida xabar bergan edi.