
Ijtimoiy tarmoqlarda Shahzod Gold nomi bilan tanilgan Shahzod Uzoqovga nisbatan ilgari belgilangan ozodlikni cheklash jazosi ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirildi. Bu haqda Toshkent shahar sudi kassatsiya instansiyasi qarori e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2025-yil noyabr oyida Olmazor tumani sudi Uzoqov va uning sherigini bezorilikda aybdor deb topib, ularga 3,5 yildan 4 yilgacha ozodlikni cheklash jazosi bergan edi. Tergov davomida ular yo‘ldagi kelishmovchilik ortidan yuzaga kelgan janjalda fuqaroga nisbatan kuch ishlatgani, mojaro paytida yana bir kishiga ham jarohat yetkazgani aniqlangan. Shuningdek, hodisa vaqtida jabrlanuvchining telefoni shikastlangan.
Kassatsiya bosqichida sud jinoyat tarkibi to‘g‘ri baholanganini tasdiqlagan bo‘lsa-da, jazoni yengil deb topdi. Sudlanuvchilarning avval ham shunga o‘xshash huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgani, shuningdek, professional sportchi sifatida ularning jismoniy imkoniyatlari yuqori ekani inobatga olindi.
Natijada, birinchi instansiya qarori bekor qilinib, har ikki shaxsga 3,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Ular sud zalidan qamoqqa olindi. Avval o‘tagan muddatlar yangi jazodan chegirib tashlanadi.
Qayd etilishicha, ushbu qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilish imkoniyati saqlanib qoladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Isroil Mаdrimov Salasarni ochkolar bo‘yicha mag‘lub etgani haqida yozgandi.