
19-mart kuni Avstraliyadagi «Gold Coast» stadionida o‘tgan 2026-yilgi ayollar Osiyo kubogi pley-off bahsida O‘zbekiston terma jamoasi Filippinga 0:2 hisobida yutqazdi. Bu mag‘lubiyat sababli jamoa 2027-yilgi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma ololmadi.

Ushbu uchrashuv Braziliyada o‘tadigan mundialga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma taqdirini hal qilib beruvchi maxsus o‘tish bahsi edi. Filippin vakillari Anjela Berd va Jaklin Savikki ikkinchi bo‘limda kiritgan gollar evaziga o‘z jamoasiga g‘alaba hamda Jahon chempionati chiptasini taqdim etdi.
Avvalroq O‘zbekiston jamoasi musobaqaning chorak finalida Janubiy Koreyaga 0:6 hisobida imkoniyatni boy bergan, biroq qoidalarga ko‘ra mundialga yo‘llanma olish uchun ushbu qo‘shimcha pley-offda o‘ynash huquqini saqlab qolgan edi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma boy berilganiga qaramay, O‘zbekiston terma jamoasida Jahon chempionatiga chiqish uchun yana bir imkoniyat mavjud. Jamoa endilikda qit’alararo pley-off bahslarida ishtirok etadi.
Dastlabki bosqich noyabr-dekabr oylarida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Agar O‘zbekiston ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tsa, Jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi hal qiluvchi ikkinchi bosqichda qatnashadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ayollar termasi tarixda ilk bor Osiyo kubogi chorak finaliga chiqqani haqida xabar berilgan edi.