O‘zbekistonda o‘rtacha oylik 6,4 mln so‘mga yetdi

2025-yilda iqtisodiyotda nominal va real ish haqining yuqori o‘sishi davom etdi. O‘rtacha oylik maosh 6,4 mln so‘mga yetdi. Bu haqda Markaziy bankning mehnat bozori sharhida ma’lum qilindi.
Yil yakuniga ko‘ra nominal ish haqi 18,9 foizga, real ish haqi esa 9,3 foizga oshdi. Sohalar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi moliya va sug‘urta sohasida 17,6 mln so‘mni tashkil etdi. Axborot-kommunikatsiya xizmatlarida esa bu ko‘rsatkich 15,3 mln so‘m bo‘ldi.
Eng past ish haqi qishloq xo‘jaligida 3,4 mln so‘m va ijtimoiy xizmatlarda 4,1 mln so‘m darajasida qayd etildi.
Ma’lumotga ko‘ra, real ish haqi eng ko‘p Namangan (13,1%), Sirdaryo (11,5%) va Jizzax (11,1%) viloyatlarida oshdi. Eng past o‘sish esa Andijon (4,6%) va Qoraqalpog‘istonda (6,2%) kuzatildi.
Ish o‘rinlari ko‘paymoqda
2025-yil IV chorakda bo‘sh ish o‘rinlari 15,3 foizga oshdi. Ayniqsa qurilish (32,6%), umumiy ovqatlanish (23,9%) va ishlab chiqarishda (13,4%) talab yuqori bo‘ldi.

Shuningdek, ish o‘rinlarini qisqartirishni kutayotganlar ulushi III chorakdagi 12,7 foizdan IV chorakda 7,2 foizgacha kamaydi. Ish o‘rinlarini oshirish kutilmalari ayniqsa qurilish (43,6%), xizmatlar (38,5%) va savdo (32,2%) sohalarida yuqoriroq shakllandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 5 yilda uch baravar oshib, $19 mlrdga yetgani haqida xabar berilgandi. Markaziy bank tahliliga ko‘ra, o‘zbekistonliklar asosan Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiyada ishlaydi. So‘nggi yillarda Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlardan kelayotgan o‘tkazmalar ham oshmoqda.