Yangiliklar

Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi

Xorijdagi vatandoshlar ham
Prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabrikladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Ramazon hayiti munosabati bilan mamlakat aholisiga bayram tabrigini yo‘lladi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat yetakchisi o‘z tabrigida Ramazon hayitini ezgulik, mehr-oqibat va saxovat ayyomi sifatida e’tirof etib, barcha vatandoshlarni ushbu muborak bayram bilan samimiy qutladi. Shuningdek, barchani mana shunday fayzli kunlarga yetkazgani uchun Yaratganga shukronalar aytilgani ta’kidlandi.

Qayd etilishicha, joriy yilda ham Ramazon oyi davomida aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, so‘nggi 35 yilda ilk bor 1 trln so‘m mablag‘ ajratilib, uning 450 mlrd so‘mi 600 mingdan ortiq kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam sifatida yo‘naltirilgan. Shuningdek, 6 ming nafar bemorga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Bundan tashqari, 100 ming dona Ramazon sovg‘alari tarqatilgan, «Ramazon tuhfasi» loyihasi doirasida esa ehtiyojmand oilalar, «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashovchilar hamda xorijdagi vatandoshlar uchun 30 mingdan ortiq iftorlik tadbirlari tashkil etilgan.

Prezident tabrigida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, jumladan diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, islom sivilizatsiyasi merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasidagi ishlar ham alohida qayd etildi. Bu borada Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ochilgani muhim voqea sifatida e’tirof etildi.

Shu bilan birga, Samarqand shahrida Imom Moturidiy majmuasi barpo etilayotgani, Toshkent shahrida esa Xalqaro bag‘rikenglik va dinlararo muloqot markazini tashkil etish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Davlat rahbari hozirgi murakkab xalqaro vaziyatda jamiyatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, yoshlarni turli yot g‘oyalardan asrash muhim vazifa ekanini ta’kidladi. Shuningdek, dunyoning turli hududlarida tinchlik o‘rnatilishi tilab, xorijdagi vatandoshlar ham bayram bilan qutlandi.

Tabrik yakunida barcha yurtdoshlarga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlarga tinchlik va fayzu baraka tilandi hamda Ramazon hayiti muborak ekani yana bir bor ta’kidlandi.

Eslatib o‘ytamiz, avvalroq Mirziyoyev qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilgan edi.