Prezident qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi — foto

eʼlon qilindi
Majmuada yaratilgan sharoitlar bilan ham tanishdi
Prezident qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni Samarqand viloyati Payariq tumanida qayta bunyod etilgan Imom Buxoriy majmuasiga tashrif buyurdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Ziyoratgohning markazida buyuk hadisshunis Imom Buxoriyning tabarruk maqbarasi joylashgan bo‘lib, davlat rahbari maqbarani ziyorat qildi. Tadbir davomida Qur’on tilovati qilindi va duo o‘qildi.

«Muborak Ramazon hayiti arafasida buyuk vatandoshimiz, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriy hazratlarining ruhi poklariga yana bir bor hurmat-ehtirom bajo keltirmoqdamiz. Buxoriy bobomiz Qur’oni karimdan keyingi eng mo‘tabar manba bo‘lgan hadislar kitobini yaratib, butun islom olamida shuhrat qozongan ulug‘ siymodir. Muqaddas zaminimiz dunyoga mana shunday mashhur allomani bergani bilan har qancha faxrlansak, arziydi», — dedi Mirziyoyev.

Majmua davlat rahbari tashabbusi bilan buyuk muhaddisning islom olamida tutgan yuksak mavqei va ulkan salohiyatiga munosib tarzda bunyod etilgan bo‘lib, ziyoratchilarga barcha qulayliklar yaratildi. Tashrif davomida davlat yetakchisimajmua tarkibini, turizm markazi, mehmonxonalar va boshqa infratuzilma obyektlarini ko‘zdan kechirdi, Qur’on tilovati va duo o‘qildi.

Majmua hududi 45 gektarni tashkil etib, 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi, 154 ustunli milliy uslubdagi muhtasham ayvon va qadamjo qismida 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora bunyod etilgan. Turizm markazida 15 gektar maydonda zamonaviy infratuzilma, shinam mehmonxonalar, 22 ta oilaviy mehmon uylari va avtoturargoh qurilgan. Shu orqali majmua ilgari kuniga 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, majmuada eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilyondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etilgan. Muzey Imom Buxoriy bobomizning hayoti va ilmiy merosi, Qur’oni karimda zikr qilingan payg‘ambarlar tarixi, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqida ma’lumot beradi. Prezident majmua va turizm markazida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi hamda yangi qurilgan muhtasham masjidda Hayit namozini ado etish taklif qilindi, bu esa xalqimiz uchun Ramazon arafasidagi muborak sovg‘a sifatida qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimov maqbarasini ziyorat qilgan edi.

Shuningdek