
Samarqand viloyatida markaziy hududdan Toshkent va vodiy viloyatlarining elektr ta’minotini barqaror qilishga xizmat qiladigan yirik megaloyiha amalga oshirilmoqda. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanalida ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida 2000 gektarga yaqin maydonda yuqori quvvatli quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etilmoqda. Stansiyaning umumiy quvvati 1000 MVtni tashkil etadi. Shu bilan birga, loyiha doirasida qariyb 700 MVt quvvatli elektr energiyasini saqlash tizimi, podstansiya hamda 441 km elektr uzatish tarmog‘i bunyod etilmoqda.
Megaloyihaning birinchi bosqichi joriy yilning iyun oyida ishga tushirilishi kutilmoqda, to‘liq quvvati esa 2027-yil oxirigacha ishga tushadi. To‘liq ishga tushgach, stansiya 800 mingga yaqin xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi va hududdagi energiya ta’minotining barqarorligini sezilarli darajada oshiradi.
Loyiha doirasida 1,7 mlnga yaqin quyosh panellari o‘rnatiladi. Ushbu panellarning samaradorligi yuqori bo‘lib, ular quyosh harakatiga qarab yo‘nalishini o‘zgartiradi va robotlar yordamida changdan tozalanadi. Shu orqali quyosh nurlaridan maksimal darajada foydalanish va ko‘proq hajmda «yashil» energiya ishlab chiqarish maqsad qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq og‘ir ahvoldagi mahallalarda kichik quyosh elektr stansiyalari ishga tushirilishi haqida yozgan edik.