Yangiliklar

Sun’iy yo‘ldoshlarning 70 foizi harbiy budjetdan moliyalashtiriladi — O‘zbekkosmos

Muxiddin Ibragimov ma’lumot berdi
O‘zbekistonda «Samarqand-2028» sun’iy yo‘ldoshi ishlab chiqilmoqda
Foto: Hytera

Sun’iy yo‘ldosh loyihalarining asosiy qismi harbiy yo‘nalish orqali moliyalashtiriladi. Bu haqda «O‘zbekkosmos» agentligi direktorining o‘rinbosari Muxiddin Ibragimov agentlik hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida ma’lum qildi, deya xabar berdi «Kursiv» muxbiri.

Agentlik vakiliga ko‘ra, bunday loyihalarning o‘rtacha 70 foizi aynan harbiy budjet hisobidan qoplanadi. Shuningdek, tayyor sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlaridan foydalanish tinch sharoitda ancha arzon.

«Ochig‘ini aytaman, tinch holatda tayyor sun’iy yo‘ldoshlarning ma’lumotlaridan foydalanish arzon. Biz hech qachon o‘zimiz uchirgan sun’iy yo‘ldoshimizni iqtisodiy oqlay olmaymiz. Bunaqa davlat yo‘q. Nimaga? Chunki asosan bunaqa texnologiyalar, buni bekitish kerak emas, bu harbiy yo‘nalishlar bo‘yicha moliyalashtiriladi. Xohlagan sun’iy yo‘ldosh «gruppirovkasini» tanlasangiz, 70 foiz bu o‘sha harbiy yo‘nalish budjeti tomonidan qoplanadi. Bu loyihalar iqtisodiy rentabel bo‘ladigan yo‘nalish hisoblanmaydi», – deya tushuntirdi Ibragimov.

Ibragimovning ta’kidlashicha, shunga qaramasdan, loyiha davlat rahbari bilan gaplashilgan va bu yo‘nalishda tegishli topshiriqlar berilgan.

Hozirda Davlat komissiyasi loyiha ustida ishlamoqda. Yaqin 3-4 oy ichida bu borada yangi qarorlar e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ikkita sun’iy yo‘ldosh uchirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Muxiddin Ibragimovning ma’lum qilishicha, yangi loyiha yuqori aniqlikdagi kosmik suratlar olishga xizmat qiladi. Rejaga ko‘ra, 30 santimetr aniqlikdagi tasvir beruvchi ikkita sun’iy yo‘ldosh uchiriladi. Bu orqali qishloq xo‘jaligi, qurilish va xavfsizlik sohalarida aniq ma’lumotlar olinadi.