Ko’chmas mulk

Uy va avtomobil savdosida eskrou tizimi qanday ishlaydi — MB tushuntirish berdi

Eskrou — bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitobni bank nazoratida amalga oshiruvchi maxsus hisobvaraq
Rasm sun’iy intellektda tayyorlandi

1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobil oldi-sotdisi eskrou tizimi orqali amalga oshiriladi. Markaziy bank ushbu tizim qanday ishlashini tushuntirib berdi.

Eskrou — bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitobni bank nazoratida amalga oshiruvchi maxsus hisobvaraq. Mablag‘ bitim to‘liq yakunlanmaguncha himoyalangan holda saqlanadi.

Jarayon qanday ishlaydi

Yangi tartib uch bosqichdan iborat:

  • 1. Xaridor mablag‘ni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotuvchiga emas, balki bankdagi eskrou hisobiga o‘tkazadi va u yerda vaqtincha muzlatiladi;
  • 2. Notarius bank tizimi orqali pul mavjudligini tekshiradi va hujjatlar to‘g‘ri bo‘lsa, bitimni tasdiqlaydi;
  • 3. Tasdiqdan so‘ng bank mablag‘ni avtomatik tarzda sotuvchiga o‘tkazadi.

Mablag‘ni qanday kiritish mumkin

Naqd pulni bank filiallari yoki cash-in terminallari orqali eskrou hisobiga joylashtirish mumkin.

Tizim uchun infratuzilma kengaymoqda

Bugungi kunda 1120 ga yaqin notarius tijorat banklariga biriktirilgan. Hududlarda, ayniqsa, avtomobil bozorlari yaqinida bank kassalari soni oshirilmoqda. Dam olish kunlari xizmat ko‘rsatish tizimi ham yo‘lga qo‘yilmoqda.

To‘lov tizimlari ko‘rsatkichlari

2026-yil 1-fevral holatiga ko‘ra, 433,3 ming dona to‘lov terminallari, 42,3 ming dona bankomat va infokiosklar hamda 7061 ta naqd pul qabul qiluvchi bankomat va infokiosklar faoliyat yuritmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-apreldan eskrou tizimidagi bitimlarda komissiya tartibi joriy etilishi haqida yozgandi.

Xususan, ko‘chmas mulk bo‘yicha bitimlarda komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizidan oshmasligi, ya’ni maksimal 206 ming so‘m miqdorida bo‘lishi belgilangan. Avtotransport vositalari bitimlarida esa komissiya bazaviy hisoblash miqdorining 25 foizidan oshmasligi, ya’ni 103 ming so‘mga teng bo‘ladi.