
Volga brendi qayta tiklanganidan so‘ng o‘zining ilk avtomobili – Volga K50 krossoverini namoyish etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Yangi model 2 litrli turbo dvigatel bilan jihozlangan bo‘lib, 238 ot kuchiga ega. Avtomobilda to‘liq yuritma tizimi va 8 pog‘onali avtomat uzatmalar qutisi mavjud.

K50 bir qator zamonaviy opsiyalar bilan taqdim etiladi:
— panoramali tom;
— 12 ta karnayli audio tizim;
— salon ichki yoritilishi (ambient light);
— old o‘rindiqlarni sozlash va massaj funksiyasi.
Avtomobillar Nijniy Novgorod shahridagi zavodda ishlab chiqariladi. Savdolar 2026-yilning uchinchi choragida boshlanishi rejalashtirilgan, narxi hozircha ochiqlanmagan.

Tashqi ko‘rinishiga qaraganda, model mashhur Geely Monjaro’ga juda o‘xshash ekani aytilmoqda. Shunga qaramay, kompaniya rahbariyati ushbu modelni ishlab chiqishda Geely bilan hamkorlik qilinmaganini bildirgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Volga» brendi ostida endi qanday avtomobillar ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.