
Xiaomi kompaniyasi yangilangan flagman noutbuki — Xiaomi Notebook Pro 14 modelini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.

Yangi noutbuk ilg‘or temirga ega bo‘lishiga qaramay, atigi 1,08 kg vaznga ega. Bunga magniy qotishmasi va uglerod tolali qopqoqdan foydalanish orqali erishilgan.

Model eng so‘nggi Intel Core Ultra X7 358H protsessori bilan jihozlangan. Qurilmada 50 Vt issiqlik paketi va grafenli plastinalar hamda ikki ventilyatorli sovitish tizimi mavjud.

Noutbuk 14,6 dyuymli OLED displeyga ega bo‘lib, 3.1K aniqlik, 1600 nitgacha yorqinlik va 120 Gts yangilanish chastotasini qo‘llab-quvvatlaydi. Portlar qatorida Thunderbolt 4 (40 Gbit/s), ikkita USB-C, HDMI va 3,5 mm audio kirish mavjud.

Batareya sig‘imi 72 Vt·soat bo‘lib, u 12,4 soatgacha onlayn konferensiyalarni ta’minlay oladi. To‘plamga 100 Vt quvvatli tezkor zaryadlovchi ham kiritilgan.

Yangi noutbuk narxi taxminan $1,2 ming atrofida bo‘lib, hozircha Xitoy bozorida sotuvga chiqarilgan. Qurilma ko‘k, pushti, kulrang va oq ranglarda taklif etilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Xiaomi 18 Pro qanday imkoniyatlarga ega bo‘lishi haqida yozgandi.