Banklar va moliya

YTTB UzCarlsberg’ga 15,4 mln dollar ajratdi

Mablag‘ ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltiriladi
YTTB
Foto: YTTB

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YTTB) UzCarlsberg kompaniyasiga $15,4 mln miqdorida sarmoya ajratdi. Mablag‘ ishlab chiqarishni kengaytirishga yo‘naltiriladi.

Unga ko‘ra, kompaniya yangi pivo ishlab chiqarish zavodini quradi. Shuningdek, zamonaviy uskunalar sotib olinadi va omborlar kengaytiriladi.

Loyiha ishlab chiqarish hajmini oshirish bilan birga suv va energiya tejamkorligini ham yaxshilaydi.

Bundan tashqari, loyiha YTTBning Agrifood Nexus dasturi doirasida taqdim etiladigan 200 ming yevrogacha bo‘lgan aralash imtiyozli moliyalashtirishdan foydalanadi. Ushbu grant UzCarlsberg’ga barqaror texnologiyalarni sotib olish va iqlimga moslashishning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirishga yordam beradi.

YTTB 2020-yildan beri O‘zbekistonga uchinchi bor aksiyadorlik sarmoyasi kiritmoqda. Bank shu vaqtgacha mamlakatga $6,9 mlrd investitsiya kiritgan.

O‘zbekiston so‘nggi olti yil davomida Markaziy Osiyoda YTTB mablag‘larini eng ko‘p jalb qilgan davlat bo‘lib qolmoqda.

YTTB fevral oyida e’lon qilgan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti 2025 yilda 7,7 foiz o‘sish sur’atiga erishdi. O‘sishning asosiy omillari haqiqiy ish haqi oshishi, pul jo‘natmalari va kreditlashning kengayishi bo‘ldi.