Yangiliklar

Baxt reytingi: Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egalladi

Aholining bir-biriga yordami yuqori darajada ekani qayd etilgan
Baxt reytingi: Oʻzbekiston MDH davlatlari orasida ikkinchi oʻrinni egalladi
Foto: depositphotos

O‘zbekiston World Happiness Report reytingida 53-o‘rinni saqlab qoldi. Mamlakatning o‘rtacha hayotdan qoniqish darajasi 10 ballik tizimda 6,283 ballni tashkil etdi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda baxtlilikka eng katta ta’sir qiluvchi omil ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Bu omil umumiy bahoning 24 foizini tashkil etadi. Aholining bir-biriga yordami yuqori darajada ekani qayd etilgan.

Yana bir muhim omil iqtisodiy holat. Aholi jon boshiga YIM bo‘yicha O‘zbekiston 87-o‘rinda turibdi. Bu ko‘rsatkich 23% ulush bilan baxtlilikka ta’sir qilmoqda.

Sog‘lom umr davomiyligi 63,4 yilni tashkil etdi. Bu omil reytingda 65-o‘rinni egallagan. Shuningdek, erkinlik darajasi bo‘yicha mamlakat 19-o‘rinda qayd etilgan.

Emotsiyalar bo‘yicha esa O‘zbekistonda ijobiy his-tuyg‘ular nisbatan pastroq, salbiy his-tuyg‘ular esa o‘rtacha darajada qayd etilgan.

MDH davlatlari orasida Qozogʻiston mintaqada birinchi oʻrinni egallab, 33-oʻrindan joy oldi. Keyingi oʻrinlarda Qirg’iziston (66-oʻrin), Moldova (77-oʻrin), Rossiya (79-oʻrin), Tojikiston (88-o‘rin), Armaniston (89-o‘rin). MDH davlatlari orasida Ozarbayjon eng yomon koʻrsatkich qayd etib, 102-oʻrindan joy oldi.

Finlyandiya, Islandiya va Daniya dunyodagi eng baxtli davlatlar, Afgʻoniston esa eng baxtsiz davlat boʻlib qolmoqda. Hisobot jami 147 mamlakatni qamrab olgan.

Ma’lumot uchun, World Happiness Report har yili 20-mart – Xalqaro baxt kuni arafasida e’lon qilib boriladi. Ushbu sana 2012-yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan belgilangan.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Samarqand viloyatida markaziy hududdan Toshkent va vodiy viloyatlarining elektr ta’minotini barqaror qilishga xizmat qiladigan yirik megaloyiha amalga oshirilayotgani haqida xabar berilgandi.