Yangiliklar

Bayram va dam olish kunlari shifoxonalar uzluksiz ishlaydi

Buning uchun maxsus shtab tashkil etildi
Bayram kunlari shifoxonalar uzluksiz ishlaydi
Foto: SSV

Ramazon hayiti va Navro‘z bayrami munosabati bilan e’lon qilingan dam olish kunlari tibbiyot muassasalari faoliyati to‘xtamaydi. Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, buning uchun maxsus shtab tashkil etildi.

Xususan, 20–23-mart kunlari barcha shifoxonalar, ixtisoslashgan markazlar va klinikalar navbatchilik asosida ishlaydi. 20 mingga yaqin tibbiyot xodimi aholi uchun xizmat qiladi.

Shoshilinch tibbiy yordam tizimi ham to‘liq ishlaydi. Respublika bo‘yicha 14 ta filial, 167 ta stansiya, 63 ta podstansiya va 1,4 mingta tayanch punktida 2,8 mingdan ziyod tibbiy yordam brigadasi doimiy tayyor turadi.

103 xizmati ham odatdagidek faoliyat yuritadi. Tez yordam brigadalari barcha chaqiriqlarga javob beradi. Tug‘uruqxonalar va bolalar shifoxonalari ham bayram kunlari uzluksiz ishlaydi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq hayit arafasida poytaxtdan 500 mingdan ortiq avtomobil chiqib ketgani xabar qilingandi.