Yangiliklar

Eron O‘zbekistonga insonparvarlik yordami uchun minnatdorchilik bildirdi

Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhossein Kulivand xabar berdi
Eron
Foto: Euronews

Eron bir qator davlatlarga, jumladan O‘zbekistonga, AQSh va Isroil bilan mojaro paytida ko‘rsatilgan yordam uchun minnatdorchilik bildirdi. Bu haqda Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pirhossein Kulivandga tayangan holda «Ria Novosti» xabar berdi.

Joriy yilning 16-mart kuni O‘zbekiston Eron xalqini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 120 tonnalik insonparvarlik yordami yuborgandi. Ma’lum qilinishicha, yordam karvoni tarkibiga bir qator oziq-ovqat mahsulotlari kiritilgan. Jumladan, un, guruch, shakar, makaron, kungaboqar yog‘i hamda turli konservalar yuborilgan. Bundan tashqari, insonparvarlik yukiga dori-darmonlar va tibbiy vositalar ham qo‘shilgan.

Shuningdek, Turkmaniston ham Eronga 50 tonnaga yaqin dori-darmon, bolalar oziq-ovqati va kiyim-kechak jo‘natgan. Kulivand, bundan tashqari, Ozarbayjon 25 tonna oziq-ovqat va tibbiy vositalar, Rossiya ham 30 tonna dori-darmon va tibbiy vositalar yuborganini bildirgan. Unga ko‘ra, Tojikiston ham yordam jo‘natishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, AQSh va Isroil 28-fevral kuni Eron hududidagi obyektlarga zarbalar bergan edi. Eron esa bunga javoban Isroil va mintaqadagi AQSh harbiy obyektlariga zarba yo‘lladi.

BMT Yaqin Sharqdagi mojaro yoz oylarigacha cho‘zilsa, dunyoda ochlikdan jiddiy aziyat chekayotganlar soni keskin ortishini bildirdi.