
Hayit arafasida poytaxtdan 500 mingdan ortiq avtomobil chiqib ketdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi boshlig‘ining o‘rinbosari Kaxramon Xudayberganov xabar berdi.
Hayit bayrami munosabati bilan Toshkentda harakat kuchaygan. Xususan, 19-mart kuni ertalabki 09:00 dan kechki 20:00 gacha poytaxtdan 500 mingdan ortiq transport vositasi chiqib ketdi.
Bayram arafasida ayrim joylarda qisqa muddatli tirbandliklar yuzaga kelgan. Ichki ishlar xodimlari tomonidan yo‘llar nazoratga olinib, tirbandliklar bartaraf etilmoqda.
Transport vazirligiga ko‘ra, 19-mart kuni Toshkent avtovokzalidan hududlarga 185 ta reyslar bajarilib, 10 mingga yaqin yo‘lovchilar o‘z manziliga yetkazildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq bayram kunlari mahalliy yo‘nalishlarda qo‘shimcha aviareyslar va poytaxtdan 28 ta shaharga qo‘shimcha avtobus qatnovlari tashkil etilishi xabar qilingandi.