Qarashlar

Ham sayohat, ham ziyorat: Hayit ayyomida tashrif buyuriladigan muqaddas qadamjolar

Maqolada nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng e’tiborga molik ziyoratgohlar jamlandi
Ham sayohat, ham ziyorat: Hayit ayyomida tashrif buyuriladigan muqaddas qadamjolar / Foto: Sun‘iy intellekt

Hayit — bu shunchaki bayram emas, balki qalb poklanadigan, o‘tganlarga duo qilinadigan va inson o‘z ichki dunyosi bilan yuzlashadigan muhim ma’naviy davrdir. Shu kunlarda ko‘pchilik ziyoratga otlanadi — kimdir ota-onasi qabri tomon, kimdir esa asrlar davomida e’zozlab kelinadigan mo‘tabar maskanlarga yo‘l oladi. O‘zbekiston esa ana shunday qadamjolarga nihoyatda boy bo‘lib, har bir hudud o‘zining tarixiy va ruhiy markazlariga ega. Ushbu maqolada Ramazon hayiti, qolaversa Navro‘z ayyomlarida ziyorat qilish mumkin bo‘lgan eng mashhur muqaddas qadamjolar haqida ma’lumot beramiz.

Maqola quyidagi bo‘limlardan iborat:

Ziyorat odoblari (Mirzo Ahmad Xushnazarning «Qabriston ziyorati odoblari» kitobidan)

Foto: Baxrom Xatamov

Ziyorat shunchaki tashrif emas, balki niyat, ixlos va hurmat bilan bajariladigan ma’naviy amal hisoblanadi. Avvalo inson ziyoratni faqat Alloh uchun, xolis niyat bilan amalga oshirishi, barcha tilak va hojatlarni bevosita Allohdan so‘rashi lozim. Ziyorat qilinayotgan zotlar esa faqat vosita sifatida e’tirof etiladi, ulardan bevosita madad so‘rash mumkin emas.

Ziyoratga borishda tahoratli bo‘lish, imkon bo‘lsa g‘usl qilib pok holda yo‘lga chiqish tavsiya etiladi. Ziyoratgohda viqor bilan yurish, baland ovozda gaplashmaslik, dunyo tashvishlaridan uzoqlashib, oxirat haqida tafakkur qilish muhimdir. Maqbaralarda ikki rak’at namoz o‘qish, Qur’on oyatlari va suralar tilovat qilib, savobini marhumlarga bag‘ishlash savobli amallardan sanaladi.

Foto: OrexCA

Shuningdek, maqbaralar va qabristonlarga kirganda avvalo qabr ahliga salom berish, so‘ngra qabr yoniga odob bilan yaqinlashib o‘tirish lozim. Qabrni siypash, o‘pish yoki ustiga chiqish mumkin emas, chunki bu ziyorat odobiga zid hisoblanadi. Ziyorat yakunida esa inson sokinlik va mulohaza bilan qaytishi, bu ruhiy holatni kundalik hayotida ham saqlashga harakat qilishi maqsadga muvofiqdir.

Ziyoratgohlar va muqaddas qadamlarga tashrif buyurganda kiyinish va yurish-turish qoidalariga alohida e’tibor berish tavsiya qilinadi. Ayollar uchun boshni yopish, ya’ni ro‘mol yoki sharf taqish afzal hisoblanadi, kiyimlar esa tanani to‘liq qoplab, sodda va hurmatli ko‘rinishda bo‘lishi lozim. Shu bilan birga, ziyorat davomida hudud ozodaligiga rioya qilish muhimdir. Erkaklar ham qoidaga muvofiq uzun shim va yopiq ko‘ylak kiyib, hurmat bilan harakat qilishlari zarur.

1. Islom sivilizatsiyasi markazi (Toshkent shahri)

Foto: President.uz
Foto: Uzbekistan.travel
Foto: President.uz

O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi poytaxtning «Eski shahar» qismida joylashgan bo‘lib, qariyb 10 gektar maydonni egallaydi va o‘zining ulkan me’moriy ko‘lami bilan ajralib turadi. Markaz binosi to‘rt tomondan balandligi 34 metrli peshtoqlar bilan o‘ralgan bo‘lsa, uning markazida qad ko‘targan 65 metrli ulkan gumbaz inshootga o‘ziga xos salobat va mahobat bag‘ishlaydi. Birinchi qavatda zamonaviy ko‘rgazma-galereya joylashgan bo‘lib, unda ajdodlarimizning boy ilmiy va madaniy merosi ilg‘or raqamli texnologiyalar orqali namoyish etiladi. Ikkinchi qavatda esa bir milliondan ortiq kitob fondiga ega ulkan kutubxona faoliyat yuritadi, bu esa markazni nafaqat ziyorat maskani, balki yirik ilmiy-ma’rifiy markazga aylantiradi.

Foto: President.uz
Foto: President.uz
Foto: President.uz

Markaz muzey ekspozitsiyasi «Islomdan avvalgi sivilizatsiyalar» davridan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan tarixiy bosqichlarni qamrab oladi va bu jarayon turli noyob ashyolar, qadimiy qo‘lyozmalar, suratlar hamda multimedia vositalari orqali jonli tarzda aks ettirilgan. Ekspozitsiyaning markaziy qismida Qur’oni karim zali joylashgan bo‘lib, unda dunyoga mashhur Usmon Mushafi saqlanadi. Shuningdek, «Vaqt kapsulasi» va «Vaqt devori» kabi interaktiv loyihalar tashrif buyuruvchilarga tarixni zamonaviy texnologiyalar yordamida his qilish, hatto kelajak avlodlarga o‘z xabarlarini qoldirish imkonini beradi. Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari haqida ushbu havola orqali bilib olish mumkin

Islom sivilizatziyasi markazi manzili

2. Imom Buxoriy majmuasi (Samarqand viloyati)

Foto: Silkroad-Samarqand

Imom al-Buxoriy majmuasi Buxoroda tavallud topib, Samarqandda vafot etgan mashhur muhaddis Imom al-Buxoriy sharafiga barpo etilgan yodgorlik kompleksidir. Majmua qoshida 15 gektarlik hududda turizm markazi tashkil etilgan va zamonaviy infratuzilma bilan jihozlangan. Hududda shinam mehmonxonalar, xizmat ko‘rsatish nuqtalari va avtoturargohlar barpo etilgan: ulardan biri 115 oʻrinli to‘rt yulduzli mehmonxona, ikkitasi uch yulduzli, shuningdek, 22 ta oilaviy mehmon uylari mavjud. To‘liq kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlangan hudud obodonlashtirilgan va xizmat quvvati oshirilgan. Endilikda, ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan majmua kuniga 65 ming kishini qabul qilish imkoniyatiga ega.

Foto: Silkroad-Samarqand
Foto: Silkroad-Samarqand
Foto: President.uz
Foto: Telegram

Majmuada 45 gektar maydonni egallagan yirik maskan, 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binosi va 154 ustunli milliy uslubdagi ayvon qurilgan. Ziyoratgoh markazida Imom Buxoriy bobomizning tabarruk maqbarasi joylashgan bo‘lib, hududda 9 pavilyondan iborat innovatsion muzey faoliyat yuritadi. Muzeyda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy merosi, islom ma’rifatiga qo‘shgan hissasi, shuningdek Qur’oni karimda zikr qilingan payg‘ambarlar tarixi, Muhammad alayhissalomning shajarasi va hadislarning jamlanishi haqida ma’lumotlar namoyish etiladi. Majmuaga 14 ta moviy gumbaz va 75 metrlik 4 ta minora ulug‘vorlik bag‘ishlab turibdi.

Imom Buxoriy majmuasi manzili

3. Zangi Ota majmuasi (Toshkent viloyati)

Foto: Muhammad Akbar Ramazonov / Yandex

Zangi Ota majmuasi Toshkent viloyatining Zangiota tumanida joylashgan tarixiy-me’moriy yodgorlik bo‘lib, XIV asrda Amir Temur farmoni bilan buyuk so‘fiy Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja (Zangi ota) sharafiga qurilgan. Majmua peshtoq, gumbazli ziyoratxona va go‘rxonadan iborat bo‘lib, devorlari sayqallangan g‘isht va rang-barang koshinlar bilan bezatilgan. Maqbara gumbazlari va ravoqlari Temuriylar davri me’morchiligiga xos ulug‘vor uslubda ishlangan, qabr ustidagi oq marmar toshda arabiy xatlar va nafis naqshlar o‘yilgan. Avliyo Zangi ota Xoja Ahmad Yassaviy silsilasining davomchisi sifatida halollik va poklikni targ‘ib qilgan, uning rafiqasi Anbar Bibi esa alohida maqbara bilan ulug‘langan.

Foto: Yandex
Foto: Yandex
Foto: Yandex

Bugungi kunda Zangi Ota majmuasi nafaqat diniy ziyorat maskani, balki O‘zbekistonning muhim madaniy va turistik markazlaridan biri hisoblanadi. 2013–2016 yillarda majmua to‘liq restavratsiya qilinib, yangi masjid, 31 metrlik minora va ziyoratchilar uchun qulay infratuzilma barpo etildi. Ushbu majmua asrlar davomida musulmon olamining muqaddas joylaridan biri bo‘lib, hozirgi kunda ham nafaqat ruhiy-ma’naviy ahamiyatga, balki tarixiy va madaniy merosni saqlash va targ‘ib etishda muhim rol o‘ynamoqda.

Zangi Ota majmuasi manzili

4. Hazrati Imom yoki Hastimom majmuasi (Toshkent shahri)

Foto: Uz.wikipedia

Hazrati Imom yoki Hastimom majmuasi Toshkent shahrida joylashgan va XVI—XX asrlarga oid tarixiy-me’moriy yodgorlik hisoblanadi. Majmua Moʻyi Muborak madrasasi, Qaffol Shoshiy maqbarasi, Baroqxon madrasasi, Hazrati Imom jome masjidi, Tillashayx masjidi va Imom al-Buxoriy Islom institutini oʻz ichiga oladi. Ansambl Toshkentning birinchi imom-xatibi Hazrati Imom qabri yonida barpo etilgan. Manbalarga koʻra, u qulf va kalit yasashda ham usta boʻlgan va Eski Ahdni arab tiliga tarjima qilgan. Rivoyatlarga koʻra, Hazrati Imom 72 ta tilni bilgan. Hozirgi kunda majmua poytaxtning Eski shahar qismida joylashgan va 1966-yildagi kuchli zilziladan omon qolgan. 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi birinchi prezidenti farmoni bilan jamoatchilik jamgʻarmasi tashkil etilib, tarixiy qiyofasi qayta tiklangan.

Foto: Advantour

Majmua ikki gumbaz va ikki minoradan iborat bo‘lib, minoralarning uzunligi 53 metrni tashkil qiladi. Masjid kirish qismida sandal daraxtidan ishlangan 20 ta ganch ustunli ayvon joylashgan, gumbazlarning ichki qismi tilla suvi bilan bezatilgan va quyosh nuri tongdan ufqqa qadar ichki maydonni yoritib turadi. Peshtoqlar ostida oʻng va chap qanotlardan jome hovligiga kirish imkonini beruvchi yogʻoch oʻymakor darvozalar mavjud. Majmua va masjidni birga hisoblaganda 5 mingdan ortiq kishini sig‘dira oladi. Hovuz va sayrgoh bog‘lari bilan bezatilgan ansambl XVI asr me’moriy anʼanalariga mos tarzda yaratilgan bo‘lib, Toshkentning madaniy va diniy merosida muhim o‘rin egallaydi.

Hastimom majmuasi manzili

5. Xakim at-Termiziy majmuasi ( Surxondaryo viloyati)

Foto: En.wikipedia

Xakim at-Termiziy majmuasi Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida joylashgan tarixiy va diniy yodgorlik bo‘lib, IX asrning mashhur so‘fiy olimi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali al-Xakim at-Termiziy sharafiga bag‘ishlangan. Majmua markazida olimning maqbarasi joylashgan bo‘lib, unga masjid, hovli va qadimiy binolarning qoldiqlari tutashgan. Asosiy gumbazli zal esa qovurilgan g‘isht, naqshinkor ganch va plitkalar bilan bezatilgan bo‘lib, majmua tarkibida ilk o‘rta asr va Temuriylar davri me’morchilik elementlari uyg‘unlashgan.

Foto: Advantour

Bugungi kunda majmua nafaqat diniy ziyorat maskani, balki Surxondaryo hududidagi so‘fizm ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish markazi sifatida xizmat qilmoqda. Xakim at-Termiziy majmuasi Termizning tarixiy maskanlari ro‘yxatiga kirib, sayyohlar va ziyoratchilar uchun muhim madaniy va ma’naviy markazga aylangan, shuningdek, turli madaniy va diniy tadbirlar o‘tkaziladigan joy sifatida qadrlanadi.

Xakim at-Termiziy majmuasi manzili

6. Bahouddin Naqshbandiy majmuasi (Buxoro viloyat)

Foto: Wikipedia

Bahouddin Naqshbandiy majmuasi Buxoro viloyatining Kogon tumani, Qasri Orifon qishlog‘ida joylashgan tarixiy-diniy me’moriy ansambl bo‘lib, mashhur so‘fiy shayx Bahouddin Naqshband (1318–1389) sharafiga bag‘ishlangan. Ushbu majmua Markaziy Osiyodagi eng muhim ziyorat maskanlaridan biri hisoblanadi hamda Naqshbandiya tariqatining asosiy markazlaridan biri sifatida qadrlanadi. Majmua dastlab shayx vafotidan keyin tashkil etilgan bo‘lib, XVI asrda Abdulazizxon hukmronligi davrida kengaytirilib, bugungi kunda ham O‘zbekistonning muhim madaniy va ma’naviy merosi sifatida e’tirof etiladi.

Foto: Uzbekistan.travel
Foto: Uzbekistan.travel

Me’moriy jihatdan majmua maqbara, bir nechta masjid va xonaqohlar, Dahmai shohon qabristoni, minora, hovuzlar va boshqa inshootlardan iborat murakkab ansamblni tashkil etadi. Kirish qismi gumbazli Chor-tok darvozasi orqali amalga oshiriladi, bezaklarda o‘ymakor marmar, epigrafik yozuvlar va o‘simlik naqshlar keng qo‘llangan. Majmua sovet davrida biroz e’tibordan chetda qolgan bo‘lsa-da, mustaqillikdan so‘ng, xususan 1993-yilda Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi munosabati bilan restavratsiya qilinib, obodonlashtirilgan va ziyoratchilar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.

Bahouddin Naqshbandiy majmuasi manzili

7. Pahlavon Mahmud majmuasi (Xorazm viloyati)

Foto: Uzbek-travel

Pahlavon Mahmud majmuasi Xivaning mashhur me’moriy yodgorliklaridan biri bo‘lib, 1810-1913-yillarda barpo etilgan. Majmuada Pahlavon Mahmud maqbarasi, Polvon ota maqbarasi va boshqa inshootlar mavjud bo‘lib, uning umumiy maydoni 50×30 metrni tashkil etadi. Dastlab 1664-yilda Pahlavon Mahmud qabri ustiga mo‘jaz sinchkori imorat qurilgan. Pahlavon Mahmud (1247—1326) ziyoratchilar orasida azaldan mashhur bo‘lib, o‘zbeklar, turkmanlar, qoraqalpoqlar va boshqa xalqlar vakillari tomonidan hurmat bilan ziyorat qilinadi. Majmua Xivada «Hazrati Pahlavon Pir» nomi bilan ham tanilgan va u qadimiy muqaddas maskan sifatida e’tirof etiladi.

Foto: Wikipedia

Majmuaga janub tomondagi darvozaxona orqali kiriladi, ichki hovlida quduq, pesh-tokli honakohmaqbara, ayvon, supa va qorixona joylashgan. Xonakohning gumbazi va bezaklari nafis ishlangan bo‘lib, naqshlar oq va moviy rangli sopollardan terilgan, bezaklar orasida Pahlavon Mahmud ruboiylari ham bitilgan. Majmuadagi asosiy binolar Odina Muhammad Murod boshchiligida qurilgan, bezaklar ustalari sifatida Mulla Nurmuhammad Kalan-dar o‘g‘li, So‘fimuhammad Abdujabbor o‘g‘li va Abdulla «jin»lar faoliyat yuritgan. 1960 yilda qorixona va ayvon ta’mirlangan, shu bilan majmua 19-asr Xiva me’morligi uslubining yorqin namunasini saqlab qolgan.

Pahlavon Mahmud majmuasi manzili

8. Said Ahmad-Xo‘ja yodgorligi (Farg‘ona viloyati)

Foto: Meros

Said Ahmad-Xo‘ja madrasasi — Marg‘ilon shahrida 1907—1909-yillarda Sayyid Ahmadxonxo‘ja G‘iyosxo‘jayev tomonidan qurilgan me’moriy yodgorlik bo‘lib, u Marg‘ilonning eng «yosh» tarixiy obidalaridan biridir. Sayyid Ahmadxonxo‘ja Qilich Burhoniddin urug‘laridan bo‘lib, hoji G‘iyosiddinxo‘ja eshonning farzandi hisoblanadi. U o‘z davrining taniqli, ilmli va ko‘zga ko‘ringan tadbirkori bo‘lib, paxta tozalash va yog‘ zavodlari ham barpo etgan. Madrasada sharq va g‘arb me’morchilik uslublari uyg‘unlashgan. Binoning devorlari qizil qum g‘ishtdan qurilgan, lekin mahalliy zilzilaga chidamliligi uchun ikki qatlamli yog‘och karkas bilan mustahkamlangan, bu esa ichki makonni kengroq va yorug‘ qilgan.

Foto: Meros
Foto: Meros

Madrasaning ichki shiftlari keng qizil va yashil chiziqlar bilan bo‘yalgan, ularning ustida gullar va o‘suvchi butalar naqshlari aks ettirilgan. Ichki devorlar ganj ustida geometrik naqshlar bilan bezalgan va miharobning joylashuvi alohida ajratilgan. 2007-yilda madrasaning rekonstruksiyasi amalga oshirilib, unga keng yo‘l tortilgan va atrofida bog‘ barpo etilgan. Hovlida qadimiy chinorlar va ichki hovlidan o‘tuvchi keng ariqlar soya va salqinlik yaratadi. Hozirgi kunda Said Ahmad-Xo‘ja madrasasi faol ishlaydi: islomiy fanlar, Qur’on va hadislarni o‘rganish davom etadi, hujralarda esa mahalliy hunarmandlar mato to‘qish, oltin tikish, yog‘ochga o‘yma va temirga ishlov berish bilan shug‘ullanadi.

Said Ahmad-Xo‘ja yodgorligi manzili

9. Sa‘d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi (Jizzax Viloyati)

Foto: Photogoroda

Jizzax vohasi tarixiga daxldor bo‘lgan Sa‘d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi G‘allaorol tumanining Avliyo qishlog‘ida joylashgan bo‘lib, ikki asosiy qismdan iborat. Yuqori qismida ko‘l bo‘yidagi muqaddas buloqlar, go‘zal va maftunkor go‘shalar, tabiiy manzaralar bilan bezatilgan hudud mavjud bo‘lib, har qanday ziyoratchining qalbini masrur etadi. Pastki qismida esa ko‘hna masjid va xilxona joylashgan bo‘lib, u XIX asrda jizzaxlik mohir ustalar tomonidan sharqona uslubda barpo etilgan. Binoning shiftidagi rango-rang naqshlar Mirzo Zoid va Bobojon kabi mohir naqqoshlar tomonidan ishlangan bo‘lib, ularning yuksak mahoratini bugungi kungacha ko‘rsatadi.

Foto: Yandex
Foto: Meros

Ziyoratgoh tarixiy jihatdan ham ahamiyatlidir: Sa’d ibn Vaqqos Makka ashroflaridan biri bo‘lib, payg‘ambarimiz Muhammad S.A.V davrida Islomga kirgan va Movarounnahrga yuborilgan qo‘shinlarga rahbarlik qilgan. U yerda yaralanganida sinchilog‘i uzilib tushgan va bu joy qabr va xonaqoh bilan e’tirof etilgan. Hozirgi kunda bu hudud «Sa’d ibn Vaqqos bulog‘i» nomi bilan mashhur bo‘lib, ko‘l bo‘yidagi muqaddas buloq va O‘zbekiston «Qizil kitobi»ga kiritilgan qorabaliqlar bilan ziyoratchilarni o‘ziga jalb qiladi. Ziyoratgoh hududi 14,2 gektarni tashkil etadi va Jizzax viloyati hokimligi hamda xayriya ishlari orqali to‘liq obodonlashtirilgan.

Sa‘d Ibn Abu Vaqqos ziyoratgohi manzili

10. Sulton Uvays Bobo majmuasi ( Qoraqalpog‘iston Respublikasi)

Foto: Uzbekistan-travel

Sulton Uvays bobo maqbarasi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumani Doʻstlik ovulida joylashgan bo‘lib, XII—XIV va XVI—XIX asrlarga oid tarixiy yodgorlik hisoblanadi. 2019-yil 4-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan va davlat muhofazasiga olingan. Hozirda maqbara Qoraqalpogʻiston Respublikasi madaniy meros boshqarmasi tomonidan boshqariladi va „Vaqf“ xayriya jamoat fondiga tekin foydalanish shartnomasi asosida biriktirilgan. Togʻ yonbagʻrida joylashganligi sababli ushbu togʻ tizmasi avliyo Sulton Uvays nomi bilan ataladi.

Foto: Life-on-earth
Foto: Uzbek-travel
Foto: Wikipedia

Tarixiy manbalarga ko‘ra, maqbaraning dastlabki binosi Xorazmshoh Alovuddin Muhammad Xorazmshoh buyrug‘i bilan qurilgan, ammo Chingizxonning Xorazmga bostirib kirishi davrida — 1221-yilda buzib tashlangan. Keyinchalik avliyoning izdoshlari XVII asrda ramziy qabr barpo etib, ziyoratgohga aylantirgan. Olloqulixon davrida esa ziyoratgohning ahamiyati oshib, unga masjid va oʻnta chillaxona qurdirilgan. Maqbara asosan gumbazli uslubda bunyod etilgan bo‘lib, atrofi gʻishtin devor bilan oʻralgan hovli shimoliy qismida joylashgan, ziyoratchilar uchun tinchlik va ruhiy osoyishtalik maskani sifatida xizmat qiladi.

Sulton Uvays Bobo majmuasi manzili

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navro‘z bayrami, qolaversa Ramazon hayiti munosabati bilan muzey va mehmonxonalarga 20 foizgacha chegirmalar e’lon qilingan edi. «Vaqf» xayriya jamoat fondiga qarashli ziyoratgohlarga kirishda esa 10 foizlik chegirma beriladi. Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab davlat teatrlarida 21 – 27-mart kunlari «Teatr tomoshalari haftaligi» o‘tkaziladi. Ushbu haftalik doirasida ochiq kassalardan taklifnoma olib, spektakllarni bepul tomosha qilish mumkin.