Test-drayv: yangi Xiaomi SU7’da qanday muammolar bor

20-mart 2026 13:28 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Test-drayv: yangi Xiaomi SU7 sotib olishga arziydimi
Foto: CarNewsChina

Yangilangan Xiaomi SU7 Pekinda test-drayv qilindi. Muallifning yozishicha, avtomobilning boshqaruvi, osmasi, salon sifati va umumiy dizayni yuqori darajada ishlangan. Narxiga nisbatan u juda kuchli taklif bo‘lib ko‘rinadi.

Ayniqsa, avtomobil xavfsizligiga katta urg‘u berilgani aytilgan. Kuzovning bir necha qismida 2200 MPa mustahkamlikdagi po‘lat ishlatilgani qayd etilgan. Bu esa modelni xavfsizlik bo‘yicha eng kuchli avtomobillardan biriga aylantirishi mumkin. Ammo ko‘plab ijobiy taraflariga qaramay modelda ba’zi kamchiliklar ham aniqlangan.

Shahar ichidagi aqlli boshqaruv sinovi

Foto: BJD

Test-drayv Pekin markazida, ertalabki tirband paytda boshlangan. Xiaomi’ning HAD deb ataladigan aqlli boshqaruv tizimi avtoturargohdan chiqishdan boshlab mustaqil harakatlana oladi.

Biroq birinchi daqiqalarda tizimga to‘liq ishonish oson bo‘lmagan. Haydovchi mashina avtoturargohdan o‘zi chiqishni boshlaganida boshqaruvni tezda o‘z qo‘liga olgan. Keyinroq esa tizim qayta yoqilgan va avtomobil tirband chorrahada murakkab chap burilishni muvaffaqiyatli bajargan.

Shunga qaramay, sinov davomida bir muammo sezilgan. Mashina ba’zan burilish chirog‘ini uzoq vaqt o‘chirib qo‘ymagan. Keyin ma’lum bo‘lishicha, tizim o‘ng tomonga yo‘lak almashtirmoqchi bo‘lgan, lekin boshqa mashinalar bunga imkon bermagan. Natijada avtomobil burilish chirog‘ini yoqib, to‘g‘ri harakatda davom etgan.

Pekin yo‘llaridagi asosiy muammo

Sharhda Xitoy yo‘llaridagi odatiy holat ham tilga olingan. U yerda ko‘plab haydovchilar yo‘lak almashtirishda burilish chirog‘idan deyarli foydalanmaydi. Shu sabab aqlli boshqaruv tizimlari ham haqiqiy tirband sharoitda qiynaladi.

Haydovchining fikricha, bu faqat Xiaomi muammosi emas. Hozirgi ko‘plab aqlli haydash tizimlari Xitoyning real yo‘l madaniyatiga moslashishda qiynalmoqda. Qonunga to‘liq amal qiladigan tizim ba’zan agressiv tirband oqimga mos kelmay qoladi.

Trassadagi kichik kamchilik

Foto: CarNewsChina

Shahar ichidagi sinovdan keyin mashina trassaga chiqqan. Shu paytda yengil qor yog‘a boshlagan va avtomobil ekranida lidar sensori yopilib qolgani haqida ogohlantirish chiqqan.

Natijada aqlli boshqaruv tizimi qayta yoqilmagan. Bu haydovchiga tushunarsiz tuyulgan. Chunki uning fikricha, oddiy yo‘nalishda ushlab turish va adaptiv kruiz-kontrol kabi bazaviy funksiyalar lidar ishlamasa ham ishlashi kerak edi.

Uning aytishicha, aynan trassa rejimi aqlli boshqaruv uchun eng oddiy sharoit hisoblanadi. Svetofor, piyoda va murakkab kesishmalar yo‘q. Shu sabab Xiaomi dasturiy ta’minotni shunday sozlashi kerakki, lidar vaqtincha ishlamasa ham bazaviy yordamchi funksiyalar o‘chib qolmasin.

Salon, boshqaruv va qulaylik

Haydovchi avtomobilning deyarli barcha jihatlarini maqtaydi. Uning fikricha, SU7 boshqaruv, osma, interyer va umumiy yig‘ilish sifati bo‘yicha juda kuchli ishlangan.

Ekran tasviri / WSJ

U hatto Wall Street Journal’dagi «Apple ishlab chiqmagan Apple Car shu bo‘lishi mumkin» degan fikrni qisman qo‘llab-quvvatlagan. Xiaomi smartfon bozorida ko‘proq «arzon Apple» sifatida ko‘rilsa, avtomobil bozorida aksincha, juda puxta va premium hissi beruvchi mahsulot yaratgani ta’kidlangan.

CarPlay va qiziqarli funksiyalar

Haydovchi alohida maqtovga sazovor deb hisoblagan ikki funksiya ham bor. Birinchisi bu Apple CarPlay. Xitoyning ko‘plab ishlab chiqaruvchilari CarPlay’dan voz kechayotgan bir paytda, Xiaomi uni taklif qilgani xalqaro bozor uchun muhim ustunlik deb baholangan.

Ikkinchi qiziqarli funksiya esa avtomobil ichidagi turli harakatlarni bitta ssenariyga bog‘lash imkoniyati. Masalan, xavfsizlik kamarini taqqaningizda konditsioner yoqilishi, musiqa chalina boshlashi va xushbo‘y tizim ishga tushishi mumkin. Bu tizim juda moslashuvchan deb ta’riflangan.

Umuman olganda, sinov paytida yangi Xiaomi SU7 juda kuchli taassurot qoldirgan. U deyarli benuqson elektromobil sifatida baholangan.

Kamchilik sifatida asosan aqlli boshqaruv tizimining ayrim holatlarda, ayniqsa lidar yopilganda, ortiqcha cheklanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Ammo bundan tashqari, mashinaning boshqaruvi, saloni, texnologiyasi va narxiga nisbatan taklifi juda yuqori baholangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi SU7 34 daqiqada 15 ming dona sotilgani xabar qilingandi. Yangi SU7 Standard, Pro va Max versiyalarida taklif qilinadi. Narxi 219,9 mingdan 303,9 ming yuangacha. Bu taxminan $31,9 mingdan $43,9 minggacha. Buyurtma uchun 5 ming yuan ($725) depozit talab qilinadi.

Shuningdek