
Toshkentda 9,6 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktivlar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlanib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Abror va Boysxon ismli shaxslar litsenziyasiz holda turli saytlar orqali 2025-yil iyuldan bugungi kungacha kripto savdosi bilan shug‘ullanib kelgan.
Xususan, 2025-yil iyuldan 2026-yil yanvargacha ushbu faoliyat orqali jami 793 ming USDT (9,6 mlrd so‘m) aylanma amalga oshirilgani aniqlandi.
Tekshiruv davomida ularning yashash manzilidan kompyuter, 22 ta telefon, sim-kartalar va 229 ta bank kartasi ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan ish qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda ham 3,5 mlrd so‘mlik noqonuniy kriptoaktiv savdosi bilan shug‘ullangan shaxs ushlangandi. 2023-yil sentabrdan 2024-yil fevraligacha davom etgan faoliyati davomida, u bir nechta bank kartalari orqali 874 moliyaviy tranzaksiya amalga oshirib, 1,8 milliard so‘mlik USDT sotib olgan va 1,7 milliard so‘mlik kriptoaktivlarni pullagan.