Avto

Xiaomi SU7 34 daqiqada 15 ming dona sotildi

2026-yilgi yangilangan SU7 elektromobili taqdim etildi
Xiaomi SU7 34 daqiqada 15 ming dona sotildi
Foto: Xiaomi

Xiaomi 2026-yilgi yangilangan SU7 elektromobilini taqdim etdi. CarNewsChina’ga ko‘ra, model atigi 34 daqiqada 15 ming dona sotilib ketdi.

Yangi SU7 Standard, Pro va Max versiyalarida taklif qilinadi. Narxi 219,9 mingdan 303,9 ming yuangacha. Bu taxminan $31,9 mingdan $43,9 minggacha. Buyurtma uchun 5 ming yuan ($725) depozit talab qilinadi.

Model tashqi ko‘rinishda yangilangan. Radar va kameralar uchun tozalash tizimi qo‘shilgan. Salon esa qulayroq bo‘lib, massajli o‘rindiqlar va yangi yoritish tizimi bilan jihozlangan.

Texnik jihatdan SU7 kuchliroq bo‘ldi. Max versiyasi 0 dan 100 km/soatgacha 3,08 soniyada tezlashadi. Maksimal tezlik 265 km/soatga yetadi.

Zaxira yurish masofasi Standard’da 720 km, Pro’da 902 km, Max’da 835 km. Tez zaryadlashda esa 15 daqiqada 670 km yurishga yetadigan quvvat to‘plash mumkin.

Avtomobil zamonaviy xavfsizlik va haydovchiga yordam tizimlari bilan jihozlangan. Shuningdek, 5G va Wi-Fi 7 kabi texnologiyalar qo‘llab-quvvatlanadi.

Xiaomi shu kuni yana yangi YU7 GT krossoverini ham tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu model 990 ot kuchigacha quvvatga ega bo‘lishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya avtomobilni boshqara oladigan Watch S5 smart soatini taqdim etgandi.