Aktyor Chak Norris 86 yoshda vafot etdi

Mashhur jang sanʼati ustasi va Gollivud aktyori Chak Norris 86 yoshida hayotdan koʻz yumdi. Bu haqda AP nashri xabar berdi.
Taʼkidlanishicha, aktyorning toʻsatdan kasalxonaga yotqizilgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Oradan koʻp oʻtmay uning vafot etgani maʼlum qilindi. U bundan atigi 10 kun oldin tugʻilgan kunini nishonlagan va ijtimoiy tarmoqda faol boʻlgan edi.
Chak Norris kino olamiga kirib kelishidan avval jang sanʼatlari bilan shugʻullangan. U karate boʻyicha oʻrta vaznda olti karra jahon chempioni boʻlgan. Shuningdek, u Chun Kuk-Do jang sanʼati yoʻnalishini yaratgan va oʻz federatsiyasiga asos solgan.
Karlos Rey Norris 1940-yilda Oklaxoma shtatida tugʻilgan. Bolaligi qiyin sharoitda oʻtgan. Keyinchalik oilasi Kaliforniyaga koʻchib oʻtgan. 1958-yilda AQSh Harbiy-havo kuchlariga xizmatga kirgan. Koreyada xizmat qilgan davrida u jang sanʼatlariga qiziqib qolgan.
U kinodagi ilk rolini 1968-yilda ijro etgan. Keyinchalik Bryus Li bilan «Ajdarho yoʻli» filmida suratga tushgan. Bu rol unga keng shuhrat olib kelgan. Shundan soʻng u koʻplab jangari filmlarda rol oʻynagan.
Shuningdek, aktyor «Bedarak yoʻqolganlar» va «Delta otryadi» filmlari bilan mashhurlikka erishdi. Uning eng taniqli obrazlaridan biri «Uoker — Texas reynjeri» serialidagi roli boʻldi. Serial uzoq yillar davomida namoyish etildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bangladeshning birinchi ayol bosh vaziri 80 yoshida vafot etgani haqida xabar bergan edi.