
Oʻzbekistonda 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, bank kartalari soni 70,9 mlnga yetdi. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 14,4 foizga koʻp. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, bir oy ichida kartalar soni 1,7 mlndan ortiqqa koʻpaydi. Banklar kesimida yetakchilik Xalq bankiga tegishli. Ushbu bankda 11,1 mln karta muomalada boʻlib, umumiy ulushning qariyb 15,6 foizini tashkil etadi. Keyingi oʻrinlarda «Agrobank» 6,6 mln va Uzum Bank 6 mln koʻrsatkich bilan qayd etilgan. Shuningdek, «Ipoteka-bank» 5,4 mln, «Anorbank» va «Hamkorbank» esa 4 mln dan ortiq kartaga ega.
Toʻlov infratuzilmasi ham kengaymoqda. Mamlakat boʻyicha toʻlov terminallari soni 439 ming 462 taga yetdi. Bir oyda ular soni 6 mingdan ortiq oshgan. Shu bilan birga, bankomat va infokiosklar soni ham oʻsib, 45 ming 311 tani tashkil etdi.
Yil boshidan buyon toʻlov terminallari orqali tushgan mablagʻ hajmi 82 trln 925 mlrd soʻmdan oshdi. Eng katta tushum «Aloqabank» hissasiga toʻgʻri kelib, 10,3 trln soʻmni tashkil etdi. Undan keyin TBC bank 6,5 trln va «Milliy bank» 6,1 trln soʻm bilan yuqori oʻrinlarda qayd etilgan.
Terminallar soni boʻyicha «Hamkorbank» 59 mingdan ortiq koʻrsatkich bilan yetakchi hisoblanadi. «Milliy bank» 42 mingdan ortiq va Xalq banki 33 mingdan ortiq terminallar bilan keyingi oʻrinlarni egallagan. Bankomatlar sonida esa Xalq banki 3 mingdan ortiq qurilma bilan oldinda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda oʻrtacha oylik 6,4 mln soʻmga yetgani haqida xabar bergan edi.