Yangiliklar

Prezident O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi
Foto: Prezident matbuot xizmati

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakat xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.

Davlat rahbari o‘z nutqida Navro‘zning chuqur ma’naviy ahamiyatiga to‘xtalib, ushbu ayyom tabiat uyg‘onishi, yangilanish va poklanish ramzi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu yil Navro‘z Ramazon hayiti bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotgani alohida qayd etildi.

«Bugun bamisoli ikki azim daryo tutashmoqda – Navro‘z bayramini muborak Ramazon hayiti bilan birga nishonlamoqdamiz», — dedi prezident.

Davlat rahbari dehqon va fermerlarning mehnatini alohida ta’kidlab, ular xalq farovonligida muhim o‘rin tutishini qayd etdi.

«Sizlarning olijanob mehnatingiz bilan xalqimizning rizqu nasibasi butun bo‘ladi», – dedi u.

Shuningdek, prezident yoshlar masalasiga e’tibor qaratilib, ular Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy kuchi ekani ta’kidlandi.

«Aziz farzandlarim, bugun Uchinchi Renessans bunyodkorlari bo‘lishdek ulkan baxt va sharaf sizlarga nasib etmoqda», – dedi davlat rahbari.

Shu bilan birga, millatlararo totuvlik va hamjihatlik masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Prezident O‘zbekistonda turli millat va elat vakillari birgalikda yashab, Navro‘zni ahillikda nishonlayotganini alohida ta’kidladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan prezident O‘zbekiston xalqini Ramazon hayiti bilan tabriklagani haqida xabar bergan edi.