
Kursiv Uzbekistan 21-mart kuni e’lon qilingan respublikada va xorijda yuz bergan yangiliklarni bir joyga jamladi.
«Tashabbusli budjet»ning 1-mavsumida qariyb 2 mingta loyiha gʻolib deb topildi

«Tashabbusli budjet» loyihasining 2026-yilgi birinchi mavsumi yakunlari e’lon qilindi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, ovoz berish jarayonlarida mamlakat boʻylab jami 10 mln 284 mingta ovoz qayd etilgan. Yakuniy natijalarga koʻra, 1996 ta loyiha gʻolib deb topildi. Shundan 1 980 tasi an’anaviy, 16 tasi esa sheriklik loyihalaridir.
Prezident O‘zbekiston xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi

«Yangi O‘zbekiston» bog‘ida Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, mamlakat xalqini Navro‘z bayrami bilan tabrikladi.
Davlat rahbari o‘z nutqida Navro‘zning chuqur ma’naviy ahamiyatiga to‘xtalib, ushbu ayyom tabiat uyg‘onishi, yangilanish va poklanish ramzi ekanini ta’kidladi. Shuningdek, bu yil Navro‘z Ramazon hayiti bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelayotgani alohida qayd etildi.
Oʻzbekistonda bank kartalari soni qariyb 15 foizga oshdi

Oʻzbekistonda 2026-yil 1-mart holatiga ko‘ra, bank kartalari soni 70,9 mlnga yetdi. Mazkur koʻrsatkich oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 14,4 foizga koʻp. Bu haqda Markaziy bank hisobotida ma’lum qilindi.
Regulyatorning ta’kidlashicha, bir oy ichida kartalar soni 1,7 mlndan ortiqqa koʻpaydi. Banklar kesimida yetakchilik Xalq bankiga tegishli. Ushbu bankda 11,1 mln karta muomalada boʻlib, umumiy ulushning qariyb 15,6 foizini tashkil etadi. Keyingi oʻrinlarda «Agrobank» 6,6 mln va Uzum Bank 6 mln koʻrsatkich bilan qayd etilgan. Shuningdek, «Ipoteka-bank» 5,4 mln, «Anorbank» va «Hamkorbank» esa 4 mln dan ortiq kartaga ega.
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtish uchun toʻlov joriy qildi — manba

Eron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtuvchi kemalar uchun toʻlov joriy etdi va tasdiqlangan tashuvchilar uchun «xavfsiz dengiz yoʻlagi»ni ishga tushirdi. Bu haqda Lloydʼs List nashri xabar berdi.
Manbaga koʻra, kamida bitta tanker tranzit uchun qariyb $2 mln toʻlanadi. Ushbu sxema orqali hozirgi kunga qadar kamida toʻqqizta kema oʻtgan. Biroq ularning barchasi toʻlov qilganmi yoki yoʻq, bu aniq emas. Ayrim holatlarda diplomatik yoʻl bilan masala hal etilgani aytilmoqda.
O‘zbekiston terma jamoasining FIFA kunlari uchun tarkibi e’lon qilindi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mart oyidagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga jalb etilgan futbolchilar ro‘yxatini e’lon qildi.
Toshkentda bo‘lib o‘tadigan FIFA Series xalqaro o‘rtoqlik turnirida ishtirok etish uchun jami 26 nafar futbolchi yig‘inga chaqirildi. Turnirda O‘zbekiston terma jamoasi Trinidad va Tobago, Gabon hamda Venesuela jamoalariga qarshi maydonga tushadi.