Avto

2027-yilgi Chevrolet Equinox yangi aqlli kuzatuv funksiyasi bilan chiqadi

Foydalanuvchilar tasvirlarni MyChevy ilovasi orqali ko‘rishlari mumkin
Foto: GM

General Motors kompaniyasi 2027-yilgi Chevrolet Equinox modeli uchun bir qator yangilanishlarni taqdim etishga tayyorlanmoqda. Eng e’tiborga molik yangiliklardan biri — avtomobilni masofadan kuzatish imkonini beruvchi yangi texnologiya bo‘ldi, deya yozmoqda GMAuthority nashri.

Yangi Connected Cameras funksiyasi avtomobil ichki va tashqi kameralaridan foydalanib, transport vositasi atrofida va salon ichida sodir bo‘layotgan holatlarni real vaqt rejimida ko‘rsatadi. Foydalanuvchilar bu tasvirlarni MyChevy ilovasi orqali ko‘rishlari mumkin — hatto avtomobilda bo‘lmagan paytda ham.

Foto: GM

Mazkur tizim Safety and Technology Package tarkibida taqdim etiladi va barcha komplektatsiyalar uchun opsiya sifatida mavjud bo‘ladi. Paket quyidagi funksiyalarni ham o‘z ichiga oladi:

  • orqa kamera oynasi
  • kamera tozalagichi
  • 360 darajali HD kuzatuv tizimi
  • yo‘l belgilarini aniqlash
  • piyodalar haqida ogohlantirish tizimi
  • old tumanga qarshi chiroqlar

Narxlar hozircha e’lon qilinmagan. Biroq 2026-yilgi modelda ushbu paket taxminan $945 turishi ma’lum, yangi modelda esa narx biroz oshishi kutilmoqda.

Qiziqarli jihati shundaki, ushbu kamera tizimi dastlab avtomobillarga o‘rnatilgan bo‘lsa-da, u ishlab chiqarish boshlanganida darhol faol bo‘lmaydi. Kompaniya uni keyinchalik masofaviy (OTA) yangilanish orqali ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Texnik jihatdan 2027-yilgi Equinox o‘z platformasini saqlab qoladi va 1,5 litrli turbo dvigatel (175 ot kuchi) hamda 8 pog‘onali avtomat uzatma bilan jihozlanadi. Xaridorlar old g‘ildirakdan tortish yoki to‘liq tortish tizimini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yangi Chevrolet Damas Xitoy originali bilan solishtirilgani haqida yozgandi.