
Buxoro karvonsaroyi Boku shahrida to‘liq restavratsiyadan so‘ng yana foydalanishga topshirildi. XV asrga oid ushbu tarixiy majmua bir necha yil davom etgan keng ko‘lamli ta’mirlash ishlaridan keyin tantanali ravishda ochildi, deya xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.
Obida davlat ahamiyatiga ega bo‘lib, uni tiklash ishlari «Icherishahar» davlat tarixiy-me’moriy qo‘riqxonasi tashabbusi asosida amalga oshirildi. Restavratsiya jarayoni qariyb 3,5 yil davom etib, unda xorijiy mutaxassislar ham ishtirok etdi.
Ochilish marosimida ikki davlat vakillari, jumladan, rasmiy shaxslar, diplomatlar hamda madaniyat sohasi vakillari qatnashdi. Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar ushbu loyiha tarixiy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Yangilangan karvonsaroy endilikda nafaqat tarixiy obida, balki ijodiy markaz sifatida ham xizmat qiladi. Bu yerda hunarmandlar uchun maxsus ustaxona va ko‘rgazma joylari tashkil etilgan. Majmuaning 18 ta xonasida kulolchilik, to‘quvchilik, yog‘och o‘ymakorligi, miniatyura va boshqa milliy san’at yo‘nalishlari bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilingani haqida yozgandi.