
Toshkent viloyatidagi Chimyon, Amirsoy va Chinorkent kabi mashhur dam olish maskanlariga avtobus qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 21-martdan boshlab 324 va 325-sonli yangi mikroavtobus yo‘nalishlari ishga tushirildi. Ushbu yo‘nalishlar tog‘li hududlardagi asosiy turistik manzillarni o‘zaro bog‘laydi.

324-sonli yo‘nalish Chinorkent temir yo‘l bekatidan boshlanib, Qoranqul, Pana mehmonxonasi, Amirsoy, Tibet, Beldersoy, Chimyon, Sevarsoy, Layner, Piramida va Bochka orqali harakatlanadi.

325-sonli yo‘nalish esa shu manzillar bo‘ylab teskari yo‘nalishda qatnaydi.
Yo‘lovchilarga 16 o‘rinli, zamonaviy va konditsioner bilan jihozlangan Ford rusumli mikroavtobuslar xizmat ko‘rsatadi. Yo‘l kira narxi 10 ming so‘m etib belgilangan bo‘lib, to‘lovni naqd pul yoki bank kartasi orqali amalga oshirish mumkin.
Qatnovlar har kuni soat 06:00 dan boshlanadi va har 15 daqiqada yo‘lga chiqadi. Manzilga yetib borish o‘rtacha 40 daqiqani tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 23-martdan Toshkentdan Chorvoqqa avtobus qatnovi qayta yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.