Yangiliklar

«Malika» bozori atrofidagi noqonuniy parkovkalarga chora ko‘riladi

Unga ko‘ra, ushbu hududdagi transport muammosi faqat bekat joylashuvi bilan bog‘liq emas
Foto: Yandex.uz

Toshkent shahridagi «Malika» bozori hududida yuzaga kelayotgan tirbandliklarni kamaytirish bo‘yicha kompleks choralar ko‘rilmoqda. Bu haqda Yo‘l harakatini tashkil etish markazi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu hududdagi transport muammosi faqat bekat joylashuvi bilan bog‘liq emas. Bu yerda avtomobillar oqimi, jamoat transporti, piyodalar harakati hamda bozorga kirish-chiqish yo‘llari bir nuqtada kesishib, murakkab vaziyatni yuzaga keltirmoqda.

Hozirda chorraha tuzilishi, yo‘llarning o‘tkazuvchanlik darajasi va svetoforlar ishlash samaradorligi chuqur tahlil qilinmoqda. Shuningdek, mavjud to‘xtash joylari, transport oqimining taqsimlanishi va piyodalar harakatiga ta’siri ham o‘rganilmoqda. Turli yechimlar modellashtirilib, eng samarali variant tanlab olinishi rejalashtirilgan.

Rejalarga ko‘ra, bekatlar joylashuvi qayta ko‘rib chiqiladi, svetoforlar boshqaruvi optimallashtiriladi va noqonuniy parkovkalarni tartibga solish choralari kuchaytiriladi.

Bundan tashqari, poytaxtda 2026-yilda jamoat transportini rivojlantirish maqsadida BRT (tezkor avtobus yo‘laklari) tizimi ham joriy etilishi rejalashtirilgan. Dastlabki bosqichda umumiy uzunligi 16,2 kilometr bo‘lgan yo‘laklar Shahrisabz, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek va Yangi Sergeli ko‘chalarini qamrab oladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi tirband chorrahalarda qo‘shimcha yo‘llar ochilishi haqida yozgandi.