O‘zbekiston Global terrorizm indeksida 96-o‘ringa pastladi

eʼlon qilindi
Pokiston terrorizm oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat sifatida birinchi o‘ringa chiqdi
Foto: Getty Images

Global Terrorism Index 2026 hisobotiga ko‘ra, dunyoda terrorizm darajasi umumiy hisobda pasaygan bo‘lsa-da, ayrim hududlarda vaziyat keskinligicha qolmoqda. Eng e’tiborli jihatlardan biri – Markaziy Osiyo davlatlarining nisbatan barqaror pozitsiyani saqlab qolayotgani.

2025-yil yakunlari bo‘yicha Pokiston terrorizm oqibatlaridan eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat sifatida birinchi o‘ringa chiqdi. Mamlakatda bir yil ichida 1139 kishi halok bo‘lgan, mingdan ortiq hujumlar qayd etilgan. Bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Mutaxassislar bu keskinlashuvni, asosan, Tehrik-i-Tolibon Pokiston faoliyatining kuchaygani bilan izohlashmoqda. Shuningdek, mintaqadagi xavfsizlik muhitiga qo‘shni Afg‘onistondagi siyosiy o‘zgarishlar ham ta’sir ko‘rsatgani qayd etilgan.

O‘zbekistonning o‘rni qanday

Hisobotda O‘zbekiston 96-o‘rinni egallab, terrorizm xavfi past bo‘lgan davlatlar qatorida qayd etildi. Bu mamlakatda xavfsizlik tizimi va profilaktika choralarining samarali olib borilayotganini ko‘rsatadi.

Taqqoslash uchun:

  • Tojikiston — 41-o‘rin
  • Qozog‘iston — 100-o‘rin
  • Qirg‘iziston — 100-o‘rin
  • Turkmaniston — 100-o‘rin

So‘nggi yillarda O‘zbekiston reytingda turli o‘zgarishlarni boshdan kechirgan: 2019-yilda 132-o‘rin, 2023-yilda esa 70-o‘ringa ko‘tarilgan edi. Hozirgi natija mamlakatda xavfsizlik nisbatan barqaror darajada ekanini ko‘rsatadi.

Global tendensiyalar

Hisobotga ko‘ra, terrorchilik oqibatida halok bo‘lganlar soni kamaygan. Hujumlar soni ham pasayish trendida, biroq ayrim hududlarda, ayniqsa, Afrika va Janubiy Osiyoda xavf yuqoriligicha qolmoqda.

Ekspertlar terrorizmga qarshi kurashda nafaqat kuch ishlatish, balki ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy omillarni ham hisobga olish muhimligini ta’kidlamoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buxoroda terrorizmga aloqador ota-o‘g‘ilga qarshi jinoyat ishi ochilgani haqida yozgandi.

Shuningdek