Yangiliklar

O‘zbekistonlik harbiylar AQShdagi xalqaro musobaqada rekord natija qayd etdi

Musobaqa 16–18-mart kunlari Camp Shelby bazasida tashkil etildi
Foto: Mudofaa vazirligi

O‘zbekiston harbiy xizmatchilari AQShda o‘tkazilgan nufuzli «Eng ilg‘or jangchi–2026» musobaqasida yuqori natija qayt etdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.

Musobaqa 16–18-mart kunlari Camp Shelby bazasida tashkil etildi. Unda harbiy xizmatchilar Ilhom Salomov va Turdimurod Avlayev ishtirok etib, AQSh Milliy gvardiyasi harbiylari bilan bellashdi. Ishtirokchilar jismoniy chidamlilik va taktik tayyorgarlikni sinovdan o‘tkazuvchi 13 ta murakkab shartni bajarishdi.

Sinovlar qatoriga to‘siqlar yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofada yo‘nalish topish, 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometrga yugurish, artilleriya zarbalarini boshqarish hamda NATO standartlari asosida qurolni yig‘ish va ajratish kabi vazifalar kiritilgan.

Jamoaviy bahsda o‘zbekistonlik harbiylar alohida e’tirofga sazovor bo‘ldi. Ular 20 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofani 1 soat 48 daqiqada bosib o‘tib, musobaqaning yangi rekordini o‘rnatdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri prezident O‘zbekiston qo‘shinining jangovar shayligi bilan tanishgani haqida yozgandi.