
Rossiyaning Tula viloyatida joylashgan xorijiy fuqarolar uchun vaqtinchalik saqlash markazida bo‘lib turgan bir guruh O‘zbekiston fuqarolari yaqin kunlarda Vatanga qaytarilishi kutilmoqda. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston elchixonasi vakillari ushbu muassasaga tashrif buyurib, yurtdoshlarning yashash sharoitlari va ta’minot holatini o‘rgandi. Tashrif davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan Rossiya tomoniga tegishli takliflar bildirildi.
Diplomatlar, xususan, bosh konsul Mehriddin Xayriddinov, viloyat ichki ishlar organlari va markaz rahbariyati bilan muzokaralar olib borib, fuqarolarning hujjatlarini tezlashtirilgan tartibda rasmiylashtirish masalasini muhokama qildi. Natijada uzoq muddatdan beri markazda saqlanayotgan ayrim o‘zbekistonliklarni qisqa fursatda O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Uchrashuvlar chog‘ida vatandoshlar bilan ham bevosita muloqot o‘tkazilib, ularga zarur huquqiy yordam ko‘rsatilishi ta’kidlandi. Diplomatlar tomonidan O‘zbekiston siyosatida fuqarolar manfaatlari va inson qadri ustuvor yo‘nalish ekani yana bir bor qayd etildi.
Shuningdek, elchixona Rossiyaning boshqa hududlarida ham shunday muassasalarda bo‘lib turgan yurtdoshlar bilan ishlashni davom ettirib, ularga konsullik ko‘magini ko‘rsatishda faollik ko‘rsatmoqda.
Avvalroq «Kursiv» nashri SSSRning so‘nggi fuqarosiga O‘zbekiston ID-kartasi berilgani haqida yozgandi.