Abduqodir Husanov Angliyada ilk sovrinini qo‘lga kiritdi

23-mart 2026 10:10 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abduqodir Husanov Angliyada ilk sovrinini qo‘lga kiritdi
Foto: mancity.com

22-mart kuni Londondagi «Uembli» stadionida Angliya Liga kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Sity» jamoasi «Arsenal» ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvda Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushdi va o‘yinni to‘liq o‘tkazdi.

«Shaharliklar» tarixda to‘qqizinchi bor Liga kubogini qo‘lga kiritdi. Mazkur g‘alaba Husanov uchun Angliyadagi ilk sovrin sifatida qayd etilgan.

Foto: mancity.com

Uchrashuv haqida

Dastlabki daqiqalarda «Arsenal» faolroq harakat qildi. «Kanonirlar» to‘p nazoratini qo‘lga olib, xavfli vaziyatlar yaratdi. Xususan, Haverts va Saka raqib darvozasi oldida imkoniyatlarga ega bo‘ldi, ammo yakuniy zarbalarda aniqlik yetishmadi. «Manchester Siti» esa asta-sekin o‘yinni tenglashtirib, tempni pasaytirdi. Natijada birinchi bo‘lim golsiz yakunlandi. O‘zbekistonlik himoyachi 32-daqiqada raqibga nisbatan qo‘polligi uchun sariq kartochka oldi.

Foto: mancity.com

Ikkinchi bo‘limda vaziyat tubdan o‘zgardi. «Manchester Siti» bosimni oshirdi va to‘p nazoratini ko‘proq qo‘lga oldi. Hal qiluvchi vaziyat darvozabon xatosidan keyin yuzaga keldi. Jarima maydoniga uzatilgan to‘pda darvozabon Kepa chiqishda xato qildi va Niko O‘Rayli bundan unumli foydalanib, hisobni ochdi.

Goldan keyin «Siti» hujumni davom ettirdi va bo‘sh hududlardan unumli foydalandi. Navbatdagi hujumda Nunesning uzatmasidan so‘ng O‘Rayli bosh bilan aniq zarba berib, dubl qayd etdi. Shundan so‘ng «Manchester Siti» o‘yinni to‘liq nazorat qildi va raqibga qaytish imkonini bermadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abduqodir Husanov jahon futbolida yetarlicha e’tirof qilinmayotgan yulduzlar qatoriga kirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek