Germaniyada 300 yuzdan ortiq yo‘lovchisi bor poyezd halokatga uchradi

eʼlon qilindi
Hodisa yuzasidan temiryo‘l transporti faoliyatiga xavfli aralashuv moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan
Germaniyada 300 yuzdan ortiq yo‘lovchisi bor poyezd halokatga uchradi
Foto: Pexels

Germaniyaning Shimoliy Reyn–Vestfaliya hududida noma’lum shaxslar temiryo‘lga beton plitalar qo‘yib ketgani oqibatida poyezd halokati yuz berdi. Hodisa Axen va Hamm yo‘nalishida harakatlangan mintaqaviy poyezd bilan sodir bo‘lgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea Kamen shahri yaqinidagi temiryo‘l uchastkasida, Kamen-Metler va Kamen stansiyalari oralig‘ida yuz bergan. Mashinist yo‘lda yotgan begona buyumlarni vaqtida payqab, favqulodda tormoz bergan. Shunga qaramay, to‘qnashuvning oldini olishning imkoni bo‘lmagan.

Hodisa vaqtida poyezdda 300 dan ortiq yo‘lovchi bo‘lgan. Rasmiylarga ko‘ra, yo‘lovchilar va mashinist jarohat olmagan. Biroq poyezd harakatni davom ettira olmagan va barcha yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan. Ular keyinchalik boshqa poyezd orqali yo‘lini davom ettirgan.

Dastlabki tekshiruvlar temiryo‘lga ataylab bir nechta beton plitalar va metall prut qo‘yilganini ko‘rsatmoqda. Ushbu buyumlar yaqin atrofdagi kabel qudug‘idan olib chiqilgani taxmin qilinmoqda.

Hodisa yuzasidan temiryo‘l transporti faoliyatiga xavfli aralashuv moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni davlat xavfsizligi bo‘limi olib bormoqda. Huquq-tartibot idoralari voqeada siyosiy motiv bo‘lishi ehtimolini ham istisno etmayapti. Hozirda voqea joyi yaqinida shubhali shaxslarni ko‘rgan guvohlar qidirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Germaniya g‘arbida turarjoy binolariga meteorit qulagani haqida yozgan edi.

Shuningdek