Huawei Saic Z7 va Z7T elektromobillari sotuvga chiqdi

23-mart 2026 18:37 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Huawei Saic Z7 va Z7T elektromobillari savdoga chiqdi
Foto: Saic

Xitoyda Saic Z7 va Saic Z7T modellari uchun oldindan buyurtmalar boshlandi. Yangi elektrokarlar Huawei va SAIC hamkorligida ishlab chiqilgan bo‘lib, yuqori texnologiyalar va katta yurish zaxirasi bilan ajralib turadi.

Modelning asosiy xususiyatlaridan biri — 896-qatorli LiDAR sensori bilan jihozlangan Huawei ADS 4.1 haydovchiga yordam tizimi hisoblanadi. Ushbu tizim tungi sharoitda ham 120 metrdan ortiq masofada kichik to‘siqlarni aniqlay oladi.

Z7 va Z7T tashqi ko‘rinishida sport uslubini aks ettiradi. Dizaynda Porsche Taycan modelidan ilhom olingan. Ikkala avtomobil ham 5 metrga yaqin uzunlikka ega bo‘lib, aerodinamik kuzov, yashirin eshik tutqichlari va yagona orqa chiroq paneli bilan jihozlangan. Shooting brake formatidagi Z7T esa kengroq yukxona hajmi bilan ajralib turadi.

Foto: Saic

Salon qismi zamonaviy yechimlar bilan boyitilgan. Unda katta sensor ekran, head-up display, raqamli panel va simsiz zaryadlash tizimi mavjud. Shuningdek, nol tortishish (zero gravity) o‘rindiqlar va premium multimedia tizimi taklif etiladi.

Texnik jihatdan model bir va ikki motorli versiyalarda taqdim etiladi. Bazaviy variant 264 kVt quvvatga ega bo‘lsa, to‘liq tortish tizimidagi kuchli versiya 434 kVt yoki 582 ot kuchigacha yetadi. Batareya sig‘imi 81 va 100 kWh variantlarda taklif qilinadi.

Foto: Saic

Yangi elektrokarlar bir zaryad bilan 905 kmgacha yurish imkoniyatiga ega. Sedanning 0 dan 100 km/soatgacha tezlanishi 3,44 soniyani tashkil etadi.

Narxlarga kelsak, Saic Z7 modeli 228,8 ming yuan, ya’ni taxminan $33,2 mingdan boshlanadi. Z7T esa biroz qimmatroq bo‘lib, 239,8 ming yuan yoki $34,8 mingdan taklif etilmoqda. Oldindan buyurtma bergan xaridorlar uchun qo‘shimcha chegirmalar ham mavjud.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangi Saic Z7 va Z7T elektromobillari 23-martdan sotuvga chiqishi haqida yozgan edi.

Shuningdek