
Nissan Leaf elektromobili 5 yil ichida sezilarli darajada arzonlashadi. Mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, modelning qiymati shu davr ichida qariyb uchdan ikki qismga kamayadi.
2021-yilda yangi Nissan Leaf narxi o‘rtacha $32,6 mingni tashkil etgan. Biroq 5 yil o‘tgach, ya’ni 2026-yilga kelib, ushbu avtomobilning bozor narxi taxminan $10 ming atrofida shakllangan. Bu esa qiymatning keskin pasayganini ko‘rsatadi.
Ekspertlarga ko‘ra, bunday tez arzonlashuvning asosiy sababi elektrotransport sohasidagi texnologiyalar juda tez yangilanayotgani bilan bog‘liq. Bir necha yil ichida mavjud yechimlar eskiradi va yangi, samaraliroq modellarga o‘rin bo‘shatadi.

Yana bir muhim omil — batareya eskirishi. O‘rtacha 5 yil ichida Nissan Leaf batareyalari sig‘imi 8 – 15 foizgacha kamayadi. Bu esa avtomobilning yurish masofasi va umumiy jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Shuningdek, batareyani almashtirish ham arzon emas. Bu xarajat bir necha ming dollarni tashkil etadi. Shu sababli xaridorlar foydalanilgan Leaf sotib olayotganda qo‘shimcha xarajatlarni ham inobatga oladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Nissan Pathfinder 2026 sinovdan o‘tkazilgani haqida yozgan edi.