Nyu-York aeroportida samolyot va transport vositasi to‘qnashdi

LaGuardia Airport hududida samolyot va yer usti texnikasi to‘qnashuvi sodir bo‘ldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda. Hodisadan so‘ng aeroport faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Air Canada Express samolyoti Monrealdan uchib kelgan va qo‘ngandan so‘ng tezligini pasaytirayotgan paytda aeroportga xizmat ko‘rsatuvchi transport vositasi bilan to‘qnashgan. Hodisa samolyot tezligi taxminan 40 km/soatga tushgan paytda yuz bergan.
To‘qnashuv oqibatida CRJ 900 rusumidagi samolyot jiddiy shikastlangan. Samolyot bortida 70 dan 90 nafargacha yo‘lovchi bo‘lgani aytilmoqda.
AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati aeroportda barcha parvozlarni vaqtincha to‘xtatdi. Rasmiylar ushbu cheklov uzaytirilishi ehtimoli yuqori ekanini bildirgan. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, hodisa oqibatida bir nechta odam jarohat olgan. Holat yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 2025-yilda samolyot bortida 394 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.